Tergov organini alohida qilish vaqti keldi – Rasul Kusherbayev yangi taklif bilan chiqdi

Saqlash
02:02 / 14.07.2022 1006 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Konstitutsiyaga tergov organini alohida tashkilot sifatida kiritish taklifini bildirdi.

 

Rasul Kusherbayevga koʻra, bugungi tergov tizimida odil sudlovni amalga oshirishga xalaqit beruvchi omillar mavjud.

 

“Tergov organini alohida qilish vaqti keldi. Bu haqida koʻp yillardan beri takliflar aytiladi. Biroq shu kunga qadar uni amalga oshirishning fundamental asosi yaratilmadi. Kamiga idoraviy manfaat yuzasidan bunga qarshilar ham koʻp. Biroq afsuski, prokuraturada bir vaqtning oʻzida tergov funksiyasi ham mavjudligi sababli prokuraturani hamon fuqarolar manfaatini himoya qiluvchi, oqlovchi organ, deb boʻlmaydi. Idora nufuzi va manfaati, «pogon hurmati” kabi inson omili bilan bogʻliq “qarichlar” uning oqlovchi sifatida odil sudlovni amalga oshirishiga xalaqit beradi.

 

Shuningdek, joylarda odil sudlovni amalga oshirishda muhim boʻgʻin – ichki ishlar tergovchilarining bir vaqtning oʻzida hududiy IIB boshligʻiga boʻysunishi ham mantiqsizlik. Chunki har doim ham IIB boshligʻi tergovdan chiqqan, tergov sir sinoatlaridan xabardor shaxs boʻlmasligi mumkin.Umuman aytganda, odil sudlovni amalga oshirishda tergovning har qanday taʼsirlardan holi, xolis organ boʻlishi uchun barcha davlat organlari, shu jumladan, Ichki ishlar, prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmatining tergov funksiyalarini oʻzida jamlagan alohida tergov organini tashkil etish zarur. Ushbu masala Konstitutsiyada alohida aks ettirilishi kerak, deb hisoblaymiz. Bu demokratik prinsiplarga mos, inson huquqlari yuksak darajadagi odil sudlovni amalga oshirishga koʻmak bergan boʻlardi», deb yozgan deputat.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//