Prezident Qoraqalpogʻiston aholisi salomatligiga oid qaror imzoladi
Siyosat
Prezident “Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022–2024-yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi.
Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasida surunkali kasalligi va nogironligi mavjud boʻlgan bolalar uchun 120 oʻrinli Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi;
- 80 oʻrinli Bolalar ftiziatriya sanatoriysi;
- Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida 20 oʻrinli xirurgiya boʻlimi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi koʻp tarmoqli tibbiyot markazining xirurgiya boʻlimi negizida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filiali;
- Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida mavjud oʻrinlar doirasida umidsiz ogʻir bemorlar uchun 20 oʻrinli palliativ yordam koʻrsatadigan boʻlim (xospis).
2022-yil yakunigacha:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda qoʻshimcha 34 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi;
- tez tibbiy yordam xizmati 63 ta yangitez tibbiy yordam maxsus avtotransportlar bilan taʼminlanadi.
2022-yil 1-sentyabrdan:
- koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinika filiallari negizida 16 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;
- bolalar orasida koʻp uchrayotgan kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 2–10 yoshli bolalar orasida gelmintoz, 12–15 yoshli qizlar orasida kamqonlik kasalligi boʻyicha skrining dasturlari joriy etiladi.
Qarorga koʻra, sogʻliqni saqlash vazirining Orolboʻyi mintaqasida tibbiy xizmat boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Vazir oʻrinbosari oʻz faoliyatini ustuvor tarzda Orolboʻyi mintaqasida tashkil etadi hamda sohaga oid muammolarni shahar va tumanlarning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda joyida hal etib borish uchun tegishli choralar koʻrilishini taʼminlaydi.
2022-yil 1-iyuldan leprozoriylarda ishlaydigan barcha xodimlarning lavozim maoshiga 50 foiz miqdorida ustama belgilanadi.
Qarorga koʻra:
- kamida 3 yillik ish stajiga ega oilaviy shifokorlarni birlamchi boʻgʻinda tor soha mutaxassisi sifatida ishlashi uchun mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qayta tayyorlash kurslarida oʻqitiladi;
- tibbiyot OTM bitiruvchilari hamda tibbiyot muassasalari mutaxassislarini tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmatida ishlashi uchun Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qayta tayyorlash kurslarida oʻqitiladi;
- 2022–2024-yillarda kamida 75 nafar tibbiyot xodimlari nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuboriladi.
Qaror bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022–2024-yillarda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordamining sifat va samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Izoh yo‘q