Dauletmurat Tajimuratov qamoqqa olindi

Saqlash
22:42 / 08.07.2022 981 0

Bloger Dauletmurat Tajimuratov xalqni noqonuniy mitingga chorlab, oʻzini qoraqalpoq eliga bosh qilishni soʻragandi. Jurnalist Lola Qallixanova ham jinoyat ishi boʻyicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

 

Bosh prokuratura Qoraqalpogʻistondagi ommaviy tartibsizliklar yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha maʼlumot berdi. Maʼlum qilinishicha, tergov harakatlari davomida jinoyat ishi boʻyicha Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlangan.

 

Qayd etilishicha, shakllantirilgan Bosh prokuratura tergov guruhi zimmasiga yuz bergan hodisalarning barcha holatlarini aniqlash, tergov harakatlarini xolisona hamda qonunchilikka qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazish vazifasi yuklatilgan.

 

«Tergov harakatlari davomida jinoyat ishi boʻyicha Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlandi.

Shu jumladan, Tajimuratov D.M. va Turdanov A.T.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov eʼlon qilindi. Ularga nisbatan sudning qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Qallixanova L.O.ning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlandi. U jinoyat ishi boʻyicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlandi.

Tergovga jalb etilgan fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, qiynoq, zoʻravonlik, shafqatsiz yoki inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy nazoratga olingan.

Gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga himoya huquqi toʻla taʼminlangan holda tergov harakatlari oʻtkazilmoqda, saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar taʼminlangan. Sogʻligʻi va saqlash sharoitlari boʻyicha eʼtirozlari mavjud emas», deyiladi xabarda.

 

Eslatib oʻtamiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan 2022-yil 2-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha Bosh prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

 

Avvalroq 2022-yil 1-iyul kuni soat 14:50 da “El xizmetinde” gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telegramʻdagi “Makan.uz” kanali orqali videomurojaat yoʻllab, videomurojaatida fuqarolarni joriy yilning 5-iyul kuni soat 17:00 da Qoraqalpogʻiston Respublikasining ozodligini soʻrab Joʻqorgʻi Kenges binosi oldida miting oʻtkazishga daʼvat qilgani maʼlum qilingandi.

 

Jurnalist Lola Qallixanova “Makan.uz” kanali asoschisi va muallifi hisoblanadi, u ham kanal orqali videomurojaat qilib, xalqni mitingga chorlagan.

Endilikda kirakashlik bilan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//