Siyosat
Prezident 7-iyul kuni “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni OʻzAda eʼlon qilindi.
Hujjat paxta hosildorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlarini yoʻlga qoʻyish orqali paxta-toʻqimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida qabul qilindi.
Qaror bilan Oʻzbekiston prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi tashkil etildi. Unga innovatsion rivojlanish vaziri Ibroxim Yulchiyevich Abduraxmonov rahbarlik qiladi.
Quyidagilar kengashning asosiy vazifalari etib belgilandi:
– har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urugʻlarini koʻpaytirish boʻyicha ilmiy tashkilot va urugʻchilik korxonasini belgilash;
– hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda koʻpaytirish va ekish boʻyicha klasterlarga topshiriqlar (koʻrsatmalar, buyurtmalar) berish;
– tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan kimyoviy va organik oʻgʻitlar boʻyicha tavsiyalar berish;
– gʻoʻza kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha samarador preparatlarni qoʻllash yuzasidan koʻrsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish;
– klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos gʻoʻza navlarini ekish va urugʻlarini koʻpaytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik oʻgʻitlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berish;
– xususiy sektorni jalb qilgan holda davlat-xususiy hamda xususiy urugʻchilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish;
– paxtachilik yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.
2022−2023-yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatni yaxshilash uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan oʻtkaziladigan 13 ta tumanlar roʻyxati tasdiqlani qayd etilmoqda.
Paxtachilik kengashi bir hafta muddatda paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlari tashkil etiladigan 13 ta tumanlarning har biri boʻyicha ishchi guruhlari tarkiblarini tasdiqlaydi.
Paxta hosildorligini oshirishning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi joriy qilindi:
a) tuman ishchi guruhlari paxta ekilgan maydonlarda joyiga chiqqan holda tahlillar asosida urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, biostimulyatorlarni qoʻllash, oʻgʻitlash, gʻoʻza kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish hamda samarali sugʻorish boʻyicha hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos takliflarni Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhiga taqdim qiladi;
Paxtachilik kengashining unga yuklatilgan vazifalarga asosan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari majburiy hisoblanadi.
Paxtachilik kengashi faoliyatini tashkil etish boʻyicha:
– Paxtachilik kengashi raisi (Ibroxim Abduraxmonov) kengashga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan har oyda prezidentga axborot beradi;
– Paxtachilik kengashi raisiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish vakolati beriladi;
Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi aʼzolariga ish haqi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash muayyan ishni bajarish uchun tuziladigan mehnat shartnomalariga asosan mutaxassislar bilan kelishilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligiga joriy yil yakuniga qadar “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi (I.Haydarov) Uyushmaning toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 10 milliard soʻm hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev) Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi hisobidan 10 milliard soʻm ajratadi.
Bunda mazkur mablagʻlar Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi aʼzolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari aʼzolariga ish haqi toʻlash, shuningdek, Paxtachilik kengashiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berildi:
– Markazni Paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi etib belgilash;
– Paxtachilik kengashining sohaga doir koʻrsatma va tavsiyalariga asosan Markaz faoliyatini takomillashtirib borish;
– Paxtachilik kengashi raisini Markaz Kuzatuv kengashi tarkibiga kiritish.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q