TIV Qoraqalpogʻistonda internet soxta xabarlar sababli cheklanganini tan oldi

Saqlash
01:04 / 08.07.2022 860 0

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi ayrim OAV va inson huquqlari boʻyicha tashkilotlar tomonidan “nomaʼlum manbalarga tayangan holda Qoraqalpogʻistonning Nukus shahrida sodir boʻlgan voqealar haqida turli xil taxminlar va asossiz xabarlar” muhokama qilinayotganiga izoh berdi.

 

Vazirlikning fikricha, goʻyoki noqonuniy kuch ishlatish orqali “tinch mitingni tarqatish”, jumladan favqulodda holat eʼlon qilish orqali “mustaqil ovozlarni yopish va axborotni oqimini toʻsish” haqida asossiz bayonotlar berilmoqda.

 

Shu munosabat bilan vazirlik “Qoraqalpogʻistondagi voqealar yuzasidan aniqlik kiritib, bu borada batafsil va xolis axborot taqdim etdi”.

 

“2022-yil 1−2-iyul kunlari Nukus shahrida Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tizimi, hududiy yaxlitligi va birligiga putur yetkazishga urinish yuz berdi. Konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha umumxalq muhokamasiga kiritilgan takliflarga qarshi norozilik bahonasida bir guruh tajovuzkor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati organlari binolarini zoʻravon harakatlar, otishmalar va kuch bilan egallab olishga harakatlar tashkil etildi”, — deyiladi xabarda.

 

TIV maʼlumotlariga koʻra, ushbu noqonuniy xatti-harakatlar tinch, yagona, demokratik mamlakatda ayirmachilikni, nobarqarorlikni va boʻlinishni qoʻzgʻatishga qaratilgan oldindan rejalashtirilgan sabotajdan yaqqol dalolat berdi.

 

“Populistik shiorlarni niqob qilib olgan holda, uyali aloqa va Internet orqali soxta yangiliklarni tarqatib, dushman kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga urindilar. Bu Internet aloqasini vaqtincha cheklash choralarini koʻrishga majbur qildi”, — deya qayd etdi vazirlik.

 

Taʼkidlanishicha, ommaviy vayrongarchiliklar va vahshiyliklar chogʻida Joʻqorgʻi Kengesi (parlament), Nukus shahar IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolariga hujum qilishga urinishlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olish va ularning oʻqotar qurollarini tortib olish, davlat, jamoat va shaxsiy mol-mulkka oʻt qoʻyish, buzish va yoʻq qilish, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishga qator bor urinishlar kuzatilgan.

 

Bundan tashqari, hujumlar paytida 107 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jiddiy tan jarohati olganlar, jumladan ulardan 23 nafari ogʻir ahvolda qolmoqdalar. Davlat organlarining jami 270 nafar xodimi turli darajadagi jarohatlar olgan.

 

“Tartibsizliklar ishtirokchilarining vahshiyligi odamlarning ongini manipulyatsiya qilgan bir guruh shaxslarning provokatsion harakatlari natijasi boʻlib, fuqarolarning tinch namoyishlari sifatida tasniflanishi mumkin emas edi”, — deyiladi bayonotda.

 

Vazirlik ushbu noqonuniy harakatlar natijasida 18 kishi vafot etganini eslatib, tajovuzlarning faol ishtirokchilarining koʻpchiligi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan shaxslardan iborat boʻlganini taʼkidladi.

 

“Oʻzbekiston hukumati hokimiyatni kuch bilan qoʻlga kiritish, ayirmachilik gʻoyalarini targʻib qilish, aholi oʻrtasida oʻzaro nafratni qoʻzgʻatish, ommaviy tartibsizliklar va zoʻravonlikka chorlashga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarni qatʼiy qoralaydi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar va huquqni muhofaza qilish organlarining oqilona xatti-harakatlari tufayli noqonuniy tadbirlarga chek qoʻyildi”, — deya qayd etdi TIV.

 

Taʼkidlanishicha, ayni paytda Qoraqalpogʻistondagi voqealar yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi sifatida Oʻzbekiston shaffof, mustaqil va xolis tergov tamoyillariga toʻliq rioya etish, shuningdek, tegishli tartib-qoidalar va adolatli sud ishlarini yuritish kafolatlarini taʼminlash tarafdoridir. Tergov natijalari tegishli xalqaro tashkilotlar eʼtiboriga yetkaziladi.

 

“Oʻzbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpogʻistondagi vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar huquqiy tartib-qoidalar doirasida amalga oshirilmoqda hamda birinchi navbatda inson hayoti va sogʻligʻiga tahdidlarga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan, — deyiladi bayonotda. — Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda mobil aloqa toʻliq faoliyat yuritmoqda, oziq-ovqat doʻkonlari, bozorlar, nonvoyxonalar, banklar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obektlar faoliyat koʻrsatmoqda. Elektr, gaz va suv muntazam ravishda yetkazib berilmoqda”.

 

Oʻzbekiston tegishli davlat organlari har kuni jamoatchilikni Qoraqalpogʻistondagi vaziyat haqida xabardor qilib bormoqda. Shu munosabat bilan mazkur mavzu yuzasidan maʼlumotlarning yoʻqligi haqidagi bayonotlar asossizdir.

 

“Hech bir kuch Oʻzbekiston Respublikasiga demokratik islohotlarni izchil davom ettirishga, har bir fuqaroning shaʼni va qadr-qimmati, farovonligi va manfaatlariga gʻamxoʻrlik qiladigan insonparvar, huquqiy va ijtimoiy davlatni barpo etish va mustahkamlashga ishonch bilan harakat qilishiga toʻsqinlik qila olmaydi”, — deyiladi bayonotda.

 

Oʻzbekiston TIV barcha OAV va inson huquqlari boʻyicha tashkilotlarni Qoraqalpogʻistondagi voqealarga xolisona yondashishga, turli xil ishonchsiz manbalar asosida bir tomonlama, shoshilinch xulosalar qilmaslikka va bayonotlar chiqarmalikka chaqirdi.

 

4-iyul kuni Milliy gvardiya va Bosh prokuratura 1−2-iyul kunlari Nukusda sodir boʻlgan tartibsizliklar natijasida 18 kishi halok boʻlgani, 243 kishi, jumladan, 38 huquq-tartibot idorasi xodimi jarohatlangani haqida xabar bergan edi. 149 nafar fuqaroga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, uyiga ruxsat berilgan. 94 kishi, jumladan, ogʻir yaralanganlar shifoxonalarda qolgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//