Mashhur hajv jurnali «Mushtum» faoliyati qayta tiklanadi

Saqlash
19:08 / 07.10.2021 1945 0

 Kecha, 6-oktabr kuni Milliy matbuot markazida 103 yillik tarixga ega va 2021-yildan qayta nashr etila boshlagan «O‘zbekiston matbuoti» jurnalining ilk soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov ham so‘z olib, tez kunda jadidlar asos solgan yana bir jurnal «Mushtum» ham qayta tiklanayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Kun.uz xabar qilmoqda.

Bilasiz, «Mushtum»ga jadidlarimiz asos solgan. Umuman olganda bu jurnal biz uchun bir qadriyat va uni yo‘qotib yuborish katta xato bo‘lar edi. Yuzlab tanqidiy maqolalar, felyetonlar jamiyatni turli illatlardan tozalashda «Mushtum»ning asosiy quroli hisoblangan. Halol va oshkora tanqid jamiyat va odamlar uchun haqiqiy malham bo‘lishiga erishish jurnalning bosh mezonidir. Sizlarga xursandchilik bilan aytmoqchimanki, bugun «Mushtum» jurnalining qayta tiklanayotgan ilk sonini bosmaxonaga topshirdik. Nasib etsa, yaqin kunlarda uning ham taqdimotini o‘tkazamiz», – dedi O‘sarov.

Jurnal nomi Abdulla Qodiriy taklifi bilan shunday atalgan. Uning ta’biricha, bu shunchaki mushtum emas, balki xalqning adolat mushtumidir, ya’ni mazlumlarning zo‘rovonlarga, nopoklarga, zulmkorlarga, ekspluatatorlarga qarshi mushtumi ham bo‘lishi kerak edi.

O‘z vaqtida «Mushtum» jurnali bir oyda ikki marta chop etilgan, bir oylik umumiy tiraji 1 500 000 dan oshiqni tashkil etgan. O‘zbekistonda deyarli bu jurnal kirib bormagan shahar, qishloq, tumanni, tashkilot va xonadonni topish qiyin bo‘lgan. 2017-yilga kelib «Mushtum jurnali «Sharq» NMAK tomonidan atigi 1000 dona atrofida chop etilgani ma’lum.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//