O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi

Saqlash
04:22 / 06.07.2022 759 0

5 iyul kuni Innovasion rivojlanish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Kengash tarkibi tasdiqlandi. Innovasion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Kengash raisi etib tayinlandi.

 

Kengash a’zolari sohaning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, tadqiqotchilar, mutaxassislar va ekspertlardan iborat bo‘lib, mazkur Kengash paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovasiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida tashkil etildi.

 

Har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tashkilot va urug‘chilik korxonasini belgilash; hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda ko‘paytirish va ekish bo‘yicha klasterlarga topshiriqlar berish Paxtachilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi. Bundan tashqari, mazkur Kengash tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va organik o‘g‘itlar bo‘yicha tavsiyalar beradi, g‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarador preparatlarni qo‘llash yuzasidan ko‘rsatmalar ishlab chiqib, va tatbiq etadi. Klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos g‘o‘za navlarini ekish va urug‘larini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik o‘g‘itlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi. Shuningdek, paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining birinchi yig‘ilishida tashkiliy masalalar qatorida Kengash Reglamenti, Paxtachilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi, mazkur tumanlarda amalga oshiriladigan paxtachilik yo‘nalishidagi loyihalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//