Siyosat
Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov 4-iyul kuni Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, uchrashuv chogʻida investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi oʻzbek–afgʻon hamkorligi kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashilgan. Yuqoridagi yoʻnalishlarning har biri boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga oid navbatdagi tadbirlar kelishib olingan.
Ikki tomonlama savdo aylanmasini koʻpaytirish va ikki mamlakat hududlari orqali yuk tashish hajmini oshirish boʻyicha birgalikda takliflarni tayyorlashga kelishilgan. Shuningdek, oʻzaro manfaatli sheriklik salohiyatini oʻrganish maqsadida oʻzbek va afgʻon ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish boʻyicha birgalikda ish olib borishning istiqbollari qayd etilgan.
Muloqot doirasida uchrashuv ishtirokchilari Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshavor trans-afgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlarini koʻrib chiqqan. Iyul oyining ikkinchi yarmida temir yoʻl yoʻnalishi boʻylab dala tadqiqotlarini tashkil etishning amaliy jihatlari muhokama qilingan.
Oʻzbekiston tomoni afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatishni davom ettirish va Afgʻoniston bilan ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirgan. Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzbek–afgʻon munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qilish va hal etish boʻyicha doimiy aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q