Nukusdagi kasalxonalarda 94 bemor davolanmoqda, ularning baʼzilari ogʻir ahvolda

Saqlash
03:03 / 05.07.2022 946 0

Milliy gvardiyaning maʼlum qilishicha, Qoraqalpogʻistondagi namoyishlarda 250 nafarga yaqin fuqaro jarohatlangan.

 

1-2-iyul kunlari Qoraqalpogʻistondagi ommaviy tartibsizliklar natijasida 243 nafar fuqaro turli jarohatlar bilan shifoxonalarga murojaat qilgan. Bu haqda Milliy gvardiya axborot xizmati boshligʻi Davron Jumanazarov maʼlum qildi.

 

Shifokorlarga murojaat qilganlarning 149 nafariga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, muolajalarni uyida davom ettirishga ruxsat berilgan. Hozirda kasalxonalarda jami 94 nafar bemor davolanmoqda va ogʻir ahvolda boʻlganlari bor.

 

“Shu jumladan, jarohatlanganlar orasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bor. Masalan, Milliy gvardiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha Qoʻriqlash boshqarmasi safdori koʻkrak qismidan oʻqotar jarohat olgan, shu boshqarmaning yana bir safdori chap oyoq boldiri suyagi yopiq sinishi, 1 nafari Jizzax Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy xizmatchisi bosh miya ochiq jarohati hamda Toshkent shahri Milliy gvardiya boshqarmasi serjanti bosh miya ochiq jarohati bilan davolanishyapti”, degan Milliy gvardiya rasmiysi.

 

Respublikadagi barcha oziq-ovqat doʻkonlari, bozorlar, non chiqaruvchi korxonalar, birja savdolari, banklar va bankomatlar, shifoxona va boshqa ijtimoiy soha obyektlari faoliyati toʻliq olib borilyapti.

 

Aholiga elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi bir maromda yetkazib berilmoqda.

 

«Shu bilan birga tushuntirib oʻtmoqchimiz, oilalarda oʻtkaziladigan marosimlar, misol uchun, mahallalarda tashkillashtirilayotgan sport musobaqalari, vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar, nuroniy yoki yeshlar bilan uchrashuvlarni oʻtkazishga joylardagi mahalla raislari, mahalliy hokimiyat idoralarining soʻrovi asosida komendant ruxsati bilan 21:00 ga qadar oʻtkazilishi mumkin.

 

Eslatib oʻtamiz, hudud komendantining buyrugʻi bilan tuman-shaharlarda komendant vazifalarni bajarish Ichki ishlar idoralar boshliqlariga yuklatilgan, ular xususan ruxsatnomalarni ham berish vakolatiga ega.

 

Yana bir bor eslatmoqchimiz, zarur savollar boʻyicha komendaturada 1215 qisqa raqam tashkil qilingan, favqulodda holat yoki komendantlik soati tartiblari boʻyicha fuqarolarning savollariga javob beriladi.

 

Farmon talablariga toʻliq va soʻzsiz rioya qilish va komendantlik soatiga amal qilishni iltimos qilamiz. Feyk va yolgʻon xabarlarga ishonmang», deyiladi Milliy gvardiya bayonotida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//