Ariqdagi chiqindilar shahar husnini buzmoqda

Saqlash
14:46 / 07.10.2021 1812 0

Odamlar “Abu Saxiy”, “Chinni bozor”larga ro‘zg‘origa kerakli narsalar xarid qilish uchun kelishadi. Ayniqsa, shanba, yakshanba kunlari bozor hududi, yer osti yo‘lida xaridorlar tirbandligi yuzaga keladi. Ko‘cha yuzi xaridorlar, sotuvchilar tashlagan turli xil chiqindilar bilan to‘lib-toshadi. Farroshlar har gal bozorlar hududini, kirish joylarini, yer osti yo‘lini supurishadi. Ammo nimagadir har gal ariqlar ichi esdan chiqib qolaveradi. Yo‘ldan chet joylarda supurilgan turli xil chiqindilar esa oylab turadi.

Hademay yomg‘ir mavsumi boshlanadi. Ariqlarni to‘ldirgan chiqindilar sharqirab oqqan suvda katta asfalt yo‘lga yoyilib ketadi. Qiziq-da. Nahotki, men va boshqalar ko‘rgan chiqindilarga mas’ullarning nigohi tushmasa? Yoki ko‘rishsa ham ko‘rmaslikka olishadimi? Ozodalik, pokizalik haqida ko‘p gapirgandan ko‘ra, amal qilishni o‘rgansak yaxshi bo‘lardi.

Kuni kecha uyimga qishloqdan  sakson ikki yoshli tog‘am mehmon bo‘lib keldi. Chiqindilarni ko‘rib: ”Ey-y, Toshkentni televizorda ko‘rib, naqadar chiroyli, pokiza shahar deb o‘ylagandim. Televizorda bunaqa joylarni ko‘rsatishmas ekan-da. Toshkentni televizorda ko‘rganim yaxshi ekan. Chiqindilarni ko‘rib dilim g‘ashlanmasdi”, dedi.

Endi bizlar ham shahrimizni televizorda ko‘rganimiz ma’qulmi? Sizlar nima deysiz?

Oygul Ubaydulla qizi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//