Siyosat
Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklarda huquqbuzarliklar sodir etgan bir qancha shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda 3 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Milliy gvardiya Axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov ma’lum qildi.
«Fuqarolar orasida provakatsion tashviqotlar tarqatgan va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan ayrim shaxslar qo‘lga olindi», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kuni kecha prezident Jo‘qorg‘i Kengesga qilgan murojaatidan so‘ng, hududdagi vaziyat barqarorlashib, hayot o‘z maromiga qaytmoqda.
Ta’kidlanishicha, favqulodda holat joriy etishga oid farmonga asosan jamoat tartibining o‘ta muhim va toifalangan obyektlari hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma obyektlarining muhofazasi kuchaytirildi.
Hududda shuningdek, transport vositalari harakatiga ham cheklov o‘rnatildi. Fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari tekshirilib, transportlari ko‘zdan kechirilmoqda. Koraqalpog‘istonga kirish va undan chiqish cheklandi.
«Ushbu hududa qurol, o‘qdorilar, portlovchi moddalar va maxsus vositalar sotilishi taqiqlanib, jismoniy va yuridik shaxslardan qurol va o‘qdorilar vaqtincha olib qo‘yilishi joriy qilindi. Dori-darmon va alkogol mahsulotlari muomalasi esa alohida tartibda joriy etildi», — dedi Milliy gvardiya vakili.
Bu chora-tadbirlarning barchasi O‘zbekiston hamda Qoraqalpog‘istonning tinchligini ta’minlash, aholi osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik hamda huquq tartibotini tiklashga qaratilgani qo‘shimcha qilindi.
«Alohida ta’kidlash joizki, ayrim ijtimoiy tarmoqlarla ig‘vogar shaxslar tomonidan boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tgan jamoat tartibsizliklari mobaynidagi turli ko‘rinishdagi eski foto va video lavhalar tarqatilmoqda. Bunday soxta ma’lumotlarga ishonmasliklaringizni, aniq va to‘g‘ri xabarlarni esa faqatgina rasmiy saytlarimiz orqali ega bo‘lishlaringizni eslatib o‘tamiz», — dedi Davron Jumanazarov.
«Qoraqalpog‘istondagi yurtdoshlarimizni hamjihatlikda va oqilona ish tutishlarini, joriy qilingan favqulodda holat talablariga qat’iy rioya qilishlaringizni, shuningdek, asossiz ko‘chaga chiqmasliklaringizni iltimos qilib qolamiz», — dedi u.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q