Konstitusiyaviy islohotlar xalqimiz uchun yangi imkoniyatlar yaratadi – senator Minhojiddin Hojimatov

Saqlash
19:21 / 30.06.2022 886 0

Avval xabar berganimizdek , “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitusiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkazilmoqda.

 

Kuni kecha Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida konstitusiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyati muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbirda Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi a’zosi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov, markaziy apparat, tizim tashkilotlari, hududiy boshqarmalar xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Qayd etilganidek, Bosh qomusimiz mustaqillik yillarida erishilgan barcha yutuqlarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda. Taraqqiyot bilan chambarchas ravishda xalqimizning dunyoqarashi ham o‘zgarishi natijasida keyingi yillarda Konstitusiyani takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab fikrlar bildirilayotgan edi. Shu yil 20-may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi. O‘tgan vaqt mobaynida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz mamlakat kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini chuqur his etgan holda o‘z takliflarini mazkur komissiyaga yuborishda faollik ko‘rsatdi.

 

– Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni to‘rtta asosiy yo‘nalishga ajratish mumkin. Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi birlamchi ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oya keyingi yo‘nalish mazmun-mohiyatini belgilaydi. Uchinchi yo‘nalishdagi yangilanishlar Konstitusiyada mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash bilan bog‘liq. To‘rtinchi yo‘nalish mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirishga qaratilgani bilan nihoyatda muhim, – dedi senator Minhojiddin Hojimatov.

 

Davlatimiz rahbari Konstitusiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda ta’kidlaganidek, biz el-yurt tashvishi bilan yashaydigan xalqchil davlat barpo etishni ko‘zlaganmiz. Bu shuni anglatadiki, davlat, uning organlari va mansabdor shaxslari xalq uchun ishlaydi, unga xizmat qiladi. Davlat hokimiyati ustidan xalq nazorati o‘rnatiladi. Bu esa Konstitusiyaga davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni, mazkur organlarning ixcham va tejamkor bo‘lishini ta’minlash yuzasidan qoidalar kiritish orqali mustahkamlab qo‘yilmoqda.

 

 

Muhokama davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida batafsil, moddama-modda to‘xtalib o‘tildi.

 

Shu yilning 5-iyul kuniga qadar davom etadigan umumxalq muhokamasidan so‘ng takliflar umumlashtirilib, yangi konstitusiyaviy qonun loyihasi referendumga qo‘yiladi. Shu tariqa tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitusiyasiga erishiladi.

 

Yangilangan Konstitusiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va elimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi shubhasiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//