Adiblar xiyoboniga Usmon Nosir haykali o‘rnatiladi

Saqlash
12:09 / 27.09.2021 3447 0

 O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev bugun namanganlik saylovchilar bilan uchrashdi. Unda XX asr o‘zbek she’riyatining yorqin vakillaridan biri Usmon Nosir shaxsi ham tilga olindi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.

–Namangandan yetishib chiqqan yorqin iste’dod egalari haqida gapirganda, adabiyotimizga chaqmoqdek kirib kelgan otashin shoir Usmon Nosir siymosi ham ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. 

Gʻoyat qisqa – bor-yo‘g‘i o‘n yillik ijodiy faoliyati davomida shoirning 5 ta she’riy kitobi, 2 ta dostoni va bir qator dramatik asarlari nashr etilgan, dramalari sahnaga qo‘yilgan, Pushkin, Lermontovning mashhur dostonlarini o‘zbek tiliga ulkan mahorat bilan tarjima qilgan.   

Usmon Nosir ayni ijodiy kuch-quvvatga to‘lgan 25 yoshida qamalib, qatag‘on qilindi. Chunki mustabid tuzum bunday millatparvar, vatanparvar insonlarni  o‘zining eng ashaddiy dushmani, deb hisoblar edi. Shuning uchun ham shoir umrini qamoqxonalarda azob-uqubatda o‘tkazib, 1944-yili 32 yoshida vafot etadi.   

Usmon Nosir bir she’rida: “Bargdek uzilib ketsam, unutmas meni bog‘im”, deb yozgan edi. Albatta, u “bog‘” deganda, jonajon Vatanini, bag‘rikeng xalqimizni nazarda tutganini anglash qiyin emas.   

Kelgusi yili yurtimizda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini munosib nishonlash maqsadida Prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda. 

Shu munosabat bilan Usmon Nosirning hayoti va ijodini yanada kengroq o‘rganish, asarlarini nashr qilish, jumladan, poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida haykalini hamda Rossiyaning Kemerovo o‘lkasidagi shoir dafn etilgan maskanda yodgorlik o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda,– dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv davom etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish