Madaniyat
23-iyun kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqovning axboroti eshitildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hisobotda taʼkidlanishicha, 2019−2021-yillarda jami 300 ta kino mahsuloti — 63 ta badiiy, 126 ta hujjatli film, 10 ta serial, 24 ta multfilm, yosh kino ijodkorlari ishtirokidagi 60 ta qisqa metrajli film, 3 ta bolalar yumoristik kinojurnali, 14 ta videorolik yaratilgan.
Shunga qaramasdan senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilganini tanqid qildi.
Bundan tashqari, “Kinematografiya toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi belgilangan tartibda Qonunchilik palatasiga kiritilmagan. Shuningdek, sohada mutaxassis kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan Oʻzbekiston kinematografiya akademiyasi hamda uning qoshida filmlar ijodiy guruhi ikkinchi tarkib mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan oʻrta maxsus taʼlim muassasalari tashkil etilmagan.
“Respublika hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmogʻini barpo etish (2019-yilgacha 49 ta qurilishi reja qilingandi) ishlari yakuniga yetkazilmagan. Agentlikning hududiy boʻlimlari moddiy-texnik bazasi maʼnan eskirgan, toʻliq faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagan. Ushbu boʻlimlarda kinomarketing yoʻlga qoʻyilmagan”, — deyiladi xabarda.
Senatorlarning soʻzlariga koʻra, kinematografiya sohasida qaroqchilikka qarshi kurashish, mualliflik huquqlarini himoya qilish, telekanallar, Internet veb-resurslari va platformalar orqali filmlar namoyishlarini tartibga solish, ragʻbatlantirish va jazolash mexanizmlarini amaliyotga joriy etish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Original kino mahsulotlaridan noqonuniy foydalanish hamda kontrafakt kino mahsulotlarini tarqatish, mahalliy telekanallarda xorijiy va milliy kino mahsulotlarini noqonuniy namoyish etishga qarshi kurashish boʻyicha harakatlar rejasi tasdiqlanmagan.
Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi huzurida Axborot multimedia striming platformasi faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan, deyiladi xabarda.
Respublikada faoliyat yuritayotgan kinoteatrlarni davlat tiliga dublyaj qilingan xorijiy filmlar bilan taʼminlash tizimi joriy etilmagan.
Majlis davomida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat vakillari hamda vazirlik-idoralar masʼullariga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q