Siyosat
Bugun, 21-iyun kuni poytaxt Toshkentda Ozarbayjon Respublikasining umummilliy lideri Haydar Aliyev nomidagi bogʻ va marhum Prezident xotirasiga oʻrnatilgan barelyef ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev ishtirok etdi.
Yangi bogʻ Toshkentning Mirobod tumani Temiryoʻlchilar koʻchasida qurilmoqda. Bu yerda Haydar Aliyev barelyefi oʻrnatiladi. Bogʻning umumiy maydoni 0,51 gektarni tashkil etadi.
Maʼlumki, bugun, 21-iyun kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keldi. Bu Ilhom Aliyevning oxirgi 12 yillikda Oʻzbekistonga amalga oshirayotgan ilk tashrifi. Ozarbayjon rahbarining 2010-yilning 27-28-sentyabr kunlari Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Toshkentda shahrida Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi ish boshlagan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 15-oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 7-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonning Baku shahriga borib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashuv oʻtkazgandi. Ushbu uchrashuvda Mirziyoyev Aliyevni Oʻzbekistonga taklif qilgandi.
Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida Sharof Rashidov va Haydar Aliyev oʻrtasidagi samimiy doʻstona munosabatlar tilga olingandi.
“Biz Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev bilan hamisha faxrlanamiz. Oʻzbekistonda uni ehtirom bilan xotirlashadi. Men u bilan ishlagan odamlar bilan koʻp suhbatlashganman. U har doim oʻzbek xalqiga hurmat bilan munosabat boʻlgan. Haydar Aliyev Sharof Rashidovich bilan koʻp bor uchrashib, koʻplab qiyin masalalarni birgalikda yechishgan. Bugun oramizda hayot boʻlganlar Haydar Aliyevning har qanday vaziyatda Oʻzbekistonga hurmat bilan munosabat boʻlgani, qoʻllab-quvvatlaganini aytishadi. Bizda “oʻzbek ishi” yuzaga kelgan ogʻir yillarda Haydar Aliyev boshqalardan farqli oʻlaroq oʻzbek xalqi haqida oʻz shaxsiy fikriga ega boʻlgan”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Haydar Aliyev 1923-yilda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tavallud topgan. 1993-2003-yillarda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Uning rahbarligida sobiq ittifoq mustamlakasidan chiqqan Ozarbayjan siyosiy, iqtisodiy, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohalarida qator yutuqlarga erishdi. U 2003-yil 12-dekabr kuni vafot etdi. Mamlakat Prezidenti lavozimini esa Haydar Aliyevning oʻgʻli Ilhom Aliyev egalladi va Haydar Aliyev mamlakatning umummilliy lideri sifatida qabul qilindi. Markaziy koʻchalar, bogʻlar, aeroport, taʼlim muassasalariga Haydar Aliyev nomi berildi. Shaharlar markazlarida Haydar Aliyev nomidagi sanʼat saroylari tashkil etildi. Barcha tumanlarda, jumladan diplomatik aloqalar oʻrnatilgan bir qator mamlakatlarda Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazlari ochildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q