Oʻzbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda

Saqlash
01:15 / 18.06.2022 873 0

15-iyun kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan tuzilgan ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

 

Yigʻilishda ishchi guruh aʼzolari tomonidan oʻtgan yigʻilishda belgilab olingan vazifalar doirasida amalga oshirilgan ishlar, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan nojoʻya harakatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirishga, shu jumladan, jazo choralarini kuchaytirishga doir takliflar hamda boshqa masalalar muhokama qilingan.

 

Yigʻilish yakunida ishchi guruh tomonidan sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqishga kelishib olingan.

 

“Shu munosabat bilan qonunchilikni takomillashtirishda keng jamoatchilikni, shu jumladan, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, olimlar va mutaxassislarni ishchi guruh faoliyatida oʻz takliflari bilan faol ishtirok etishga chaqiramiz”, — deyiladi xabarda.

 

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda toʻy kuni oʻyinda yutqazib qoʻygan kuyov kelinni urgani aks etgan videolavha tarqalgandi. Keyinroq mazkur toʻy marosimi Surxondaryoda boʻlgani va kelinni urgan kuyov javobgarlikka tortilgani toʻgʻrisida maʼlum boʻldi. Oliy Majlis Senati Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi mazkur holatni keskin qoralab chiqqandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//