Siyosat
Yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, boshqalar qatori Prezident Shavkat Mirziyoyevda ham saylovlarda qatnashish imkoni bo‘ladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda maʼlum qildi.
“Prezidentimiz bu imkoniyat va huquqdan foydalanadimi, foydalanmaydimi, bu birinchi navbatda ushbu shaxsga havola. Bu shaxsni ko‘rsatadigan siyosiy partiyaga havola. Lekin bu haq-huquq u kishida bo‘ladi. Bu – xalqaro tajriba, yangi konstitutsiyami, yangi huquqiy makon yaratildi va bu yangilanadi.
Shaxsan, mening fikrimni so‘rasangiz, tajribadan kelib chiqib va xalqaro vaziyatni tahlil qilgan inson sifatida shuni aytishim kerakki, bugun biz bir nihoyatda tahlikali dunyoda yashayapmiz. Kundan kunga murakkablashib ketyapti. Shu jumladan bu mamlakatimiz uchun ham salbiy asoratlarini ko‘rsatmasdan iloji yo‘q. Lekin shunga qaramasdan biz islohotlarni davom ettirishimiz kerak. Men aminmanki, bu islohotlarni boshlagan insonda uni oxirigacha yetkazishga imkoniyat bo‘lishi kerak. Buni men kim bilan xohlasangiz va qayerda xohlasangiz bahs qilishim mumkin.
Biz hammamiz so‘nggi besh yilda shuni ko‘rdikki, davlat rahbari, prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev qandaydir hokimiyatga tish-tirnog‘i bilan yopishib olgan siyosatchi emas. Ko‘rib turibmiz, u kishi el-yurt va vatan uchun xizmat qilishga bel bog‘lagan, o‘z umrini bag‘ishlagan inson. Ko‘rib turibmizki, xalqimizning og‘irini yengil qilish, birini ikki qilish, kelajagini taʼminlash uchun qanchalik harakat qilyapti”, – deydi Safoyev.
Shuningdek, Sodiq Safoyev Prezident Mirziyoyevning birinchi va amaldagi prezidentlik muddatlarida mamlakatda amalga oshirgan islohotlari hamda xalqaro maydonda O‘zbekiston imiji haqida ham to‘xtalgan.
– Bu yerda xalqaro munosabatlarga oid ozgina bilimi bor inson sifatida bir narsani aytishim mumkinki, oxirgi besh yilda O‘zbekistonda ham ichki siyosat, ham tashqi siyosatda qilingan ishlar misolida dunyoda eng yirik davlatlar tomonidan yangi formatsiyadagi lider sifatida eʼtirof etilgan – O‘zbekiston prezidenti ekanini hamma tan olmoqda. Bu – mamlakatimizning, xalqimizning katta yutug‘i va daldasi desak bo‘ladi, buni yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Bugungi tahlikali dunyoda aynan dunyo tomonidan eʼtirof etilgan lider O‘zbekistonga yo‘lboshchi bo‘lishi bu xalqimiz uchun kerak.
Mana, pandemiya davrini oling, nihoyatda murakkab, og‘ir vaziyat, yirik va baquvvat davlatlarda inqiroz chuqur tus olganda, aynan O‘zbekistonda butun xalqni jipslashtirib, barcha qatlamlarni, nodavlat tashkilotlarni hukumat bilan birgalikda bir yoqadan bosh chiqarib, shu ofatdan olib chiqib ketilishida prezidentimizning roli katta bo‘lgan.
Yana bir bor aytmoqchiman, basharti yangi Konstitutsiya qabul qiladigan bo‘lsak, bu biz uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Islohotlarimiz va olib borilayotgan siyosatlarimiz davomiyligi va izchilligini taʼminlash biz uchun muhim masala. Bu esa prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning nomi bilan bog‘liq. U kishi qanday qaror qabul qiladilar, bilmayman, shaxsan men shu davomiylikni taʼminlashning tarafdoriman, – deydi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q