Toshkent davlat agrar universitetining sobiq rektori hibsga olindi

Saqlash
03:54 / 17.06.2022 892 0

Toshkent davlat agrar universitetining sobiq rektori Botirjon Sulaymonov hibsga olindi. Bu haqida oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov matbuot anjumanida aytib oʻtdi.

 

U Agrar universitet hozirda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi ekanligi, unga qishloq xoʻjaligi vazirining oʻzi rektorlik qilayotganini taʼkidladi.

 

Abduqodir Toshqulovning soʻzlariga koʻra, universitetda juda katta attestatsiya oʻtkazilgan va juda koʻp oʻqituvchilar ishdan boʻshatilgan. Sobiq rektor Botir Sulaymonov ishi boʻyicha esa tergov jarayoni ketmoqda.

 

“Botir Sulaymonov ishiga kelsak, men Qonunchilik palatasida ham ishlaganman, tergov jarayoni ketayotgan paytda bir narsa aytolmayman. Eng muhimi ehtiyot chorasi sifatida qamoq jazosi qoʻllanilgan. Hozir tergov jarayonlari ketmoqda. Dastlabki tergov natijalari hali eʼlon qilingani yoʻq. Balki moliyaviy xatoliklar boʻlishi mumkin, balki qabul bilan [bogʻliq masala] boʻlishi mumkin. Lekin baʼzi OTMlarni biz ham tekshirganimizda superkontraktda oʻqishi kerak boʻlgan bola oddiy kontrakt bilan oʻqish holatlari ham chiqayapti”, deya vazirning soʻzlarini keltirmoqda Daryo.

 

U shu asnoda tekshiruv boshlangani haqida oʻz qarashiga egaligini aytib, mazkur holatlar boʻyicha boshqa taʼlim muassasalarida ham tekshiruv oʻtkazilayotganini qoʻshimcha qildi.

 

“Shuning uchun tergov tugaguncha bir narsa aytolmaymiz. Lekin, xatoliklar boʻlmaganda rektorga nisbatan bunaqa katta ish boʻlmas edi”, dedi u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//