Siyosat
Ijtimoiy tarmoqlarda toʻydagi mojaro, yaʼni kuyovning kelinni urgani aks etgan video tarqalib, koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi.
Ushbu holat yuzasidan Oliy Majlis Senati Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻrganishlar olib borildi.
Aniqlanishicha, ushbu toʻy 2022-yil 6-iyunda, Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi “Toltugay” mahallasida boʻlib oʻtgan. Voqea yuz berganidan keyin mahalladagi otaxon va onaxonlar, kelin-kuyovning yaqinlari ishtirokida voqea muhokama etilib, kuyovning qilmishi notoʻgʻri boʻlgani tanqid qilingan. Yigit qilmishidan pushaymon ekanligini aytib, kelindan kechirim soʻragan. Shu kunning oʻzida kelin-kuyov yarashib ketgan, hozirgi paytda ular birga istiqomat qilmoqda.
Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Senatda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan Ishchi guruh tashkil tuzildi.
Senat aʼzolari, Vazirlar Mahkamasi, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat ushbu Ishchi guruh tomonidan xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan nojoʻya harakatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirishga oid masalalar muhokama etib boriladi.
Ayni kunlarda Ishchi guruh tomonidan sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, shu jumladan, jazo choralarini kuchaytirish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqish boʻyicha keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, olimlar va mutaxassislar, yoshlar fikrlari oʻrganilib, takliflar yigʻilmoqda.
Oliy Majlis Senati Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi ayollarga, qizlarga boʻlayotgan bunday zoʻravonlik holatlarini keskin qoralaydi hamda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda noxush holatlarga yoʻl qoʻymaslik, zoʻravonlik qilayotgan shaxslarga keskin choralar koʻrish boʻyicha ish olib borishni maqsad qilib qoʻydi.
Shu bilan birga, “Yoshlarni mustaqil hayotga, oilaga tayyorlashda yosh avlod ongiga «Oila – muqaddas”, “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat”, “Oila jamiyat va davlat himoyasida” va “Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi” gʻoyalarini singdirib borish, nikohlanuvchilarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish eng muhim masalalardan ekanligini alohida taʼkidlaydi.
Shuningdek, nikohlanuvchi yoshlarga oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda sogʻlom maʼnaviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona boʻlish koʻnikmalarini shakllantirishda koʻmaklashish maqsadida toʻyga qadar ularni bir-birlarining feʼl-atvorlari, dunyoqarashi va fikrlashlarini yanada yaxshiroq bilishlari uchun Oila markazlari mashgʻulotlari, davra suhbatlari, savol-javob kechalariga birgalikda jalb etish yoʻlga qoʻyiladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q