Jamiyat
Madaniy hayotimizdagi shov-shuvli mojarolar ortidan intellektual mulk tushunchasi trendga chiqmoqda. Ayniqsa, sheʼrning muallifdan beruxsat qoʻshiq qilinishi kabi holatlar bilan bogʻliq sud ishlarining shoir foydasiga hal etilgani oʻzbek shou-biznesi uchun yaxshigina signal boʻldi.
Xonanda Sanjay “Karvon” sheʼrini muallif ruxsatisiz ijro etgani uchun Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimga 100 millionga yaqin tovon pulini toʻlashi shartligi haqidagi sud qaroriga norozilik bildirishning gʻayrioddiy yoʻlini eʼlon qildi. U 1,5 tonna tangani yigʻib boʻlishi bilan shoirning xonadoniga eltib tashlamoqchi.
Xonandaning Instagramdagi aksar kuzatuvchilari unga haybarakallachi boʻlishdi. Oʻzbek ziyolilarining esa keskin tanqidiga uchradi bu hol. Ularning fikriga koʻra, bu nafaqat shoirga, balki oʻzbek adabiyotiga, intellektual mulkka, mualliflik huquqiga nisbatan ham hurmatsizlikdir.
Oyina.uz portali tashabbusi bilan boshlangan #UsmonAzimXalqShoiri heshtegiga Instagram, Feysbuk va Telegram ijtimoiy tarmoqlarida yozuvchi-shoirlar, sanʼatkorlar, jurnalist va blogerlar hamda shoirning yuzlab muxlislari qoʻshildi.
Munosabatlarning aksarida “Bugun oʻz ziyolisini otarchiga talatgan millatning ertangi kunidan qoʻrqish kerak”, degan mazmun mujassam.
Shahnoza Soatova,
Adliya vaziri maslahatchisi, bloger:
Haqtalabni talab, oʻgʻrini alqagan jamiyatning boshi musibatdan chiqmaydi.
Charos Rahimqulova,
bolalar yozuvchisi:
Usmon Azim menga ijodkorning ham qadri boʻlishi kerakligini isbotladi. Muallif (huquqlari toptalgan muallif) sifatida men Usmon Azim tarafdaman!!! Inshaalloh, shu voqea sabab bizda ham nimalardir oʻzgaradi.
Isroil Tillaboyev,
Respublika taʼlim markazi direktori oʻrinbosari:
Oʻz ziyolilarini kamsitilishiga jim qarab turgan millatni bundan battarlar ham masxaralashga oʻtadi.
Aksariyat ziyolilar ushbu holat shoirni obroʻsizlantirish ekanini aytib, tegishli idoralar xonandaga nisbatan chora koʻrishi kerakligini taʼkidlagan.
Darhaqiqat, xonanda instagram sahifasida qarorni olqishlayotgan kuzatuvchilarga ijodkorni hatto haqorat qilishiga yoʻl qoʻyayotgani, aksincha, uning yonini olib yozayotgan foydalanuvchilarning izohlarini oʻchirib, bloklayotgani shoirni atayin obroʻsizlantirish maqsadida qilingandek taassurot uygʻotmoqda. Bu holat esa Usmon Azimning “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga shikoyat bilan ariza kiritishiga asos boʻlishi mumkin.
Nazar Eshonqul,
yozuvchi:
Muallifning roziligisiz sheʼrini qoʻshiq qiladimi, kitobini nashr etadimi, koʻchirib bosadimi – farqi yoʻq, bu oʻgʻirlik! Uyingizdan soʻramay olib ketishsa, oʻgʻirlik deysizmi. Boʻldi, bu ham shunday. Hech farqi yoʻq. Mualliflik bu uy kabi hudud. Bostirib kirilsa – bosqinchilik, soʻramay olib ketilsa – oʻgʻirlik. Boshqa nomi yoʻq. Oʻgʻirlikni oqlash oʻrniga, bu xil oʻgʻirlikning oldini oladigan tizim haqida oʻylash kerak, aslida.
Otarchining tovon pulini tanga bilan toʻlash haqidagi oliftachiligi nafaqat shoirni, balki Oʻzbekistonni, davlatning toʻlov ramzi boʻlgan soʻmni, demak, oʻzbek xalqini mensimaslikdan boshqa narsa emas. Davlat soʻmi ham uning davlatchilik ramzi sanaladi. Bu bilan huquqni himoya qiluvchilar shugʻullanishi kerak. U shoirni mensimaslik orqali davlatni mensimaslikni namoyish qildi.
Uning shunday kalondimogʻ boʻlishiga uni toʻyiga chaqirib, narxini oshirganlar sababchi. Yallachilar, aslida, xalqning pulini olib, keyin uning oʻzini nazariga ilmay boshlaydi. Agar hech kim toʻyiga chaqirmay qoʻysa, ular oʻz oʻrni qayerdaligini, iddaosi necha pul turishini bilardi. Afsuski, biz oʻzimiz puflab, shishirib, keyin shar ipni uzib, uchib ketdi, deb ayyuhannos soladigan xalqmiz.
Abdurahmon Tashanov,
jurnalist:
Afsuski, oʻzbek jamiyatida intellektual mulkning deyarli qadri yoʻq va hatto jamoatchilik ham bu masalada anchayin bepisand. Usmon aka hayotning oʻta mashaqqatli chigʻiriqlaridan oʻtgan buyuk shoir, milliy sheʼriyatimizda Gʻafur Gʻulom, Abdulla Oripov doxil uch chinorning biri. Adabiyotimizga xizmati badalini biz yaqin orada toʻlay olmasak kerak. Shu boisdan Sanjay degan odamning muxlislariga iltimosim, suvni loyqalatmang, Usmon aka oʻz intellektual mulki, haqini tirikchilik uchun himoya qilmaydi. U kishining farzandidek boʻlgan sheʼrini shu koʻyga solishganidan ranjigan. Aslida mahkamaga Yozuvchilar uyushmasi daʼvo qilishi kerak edi. Bu masalada esa yengiltak boʻlmaylik. Sanjayni qanchalik himoya qilmang, yoshlar eshitadi, demang, Sanjay qilgan xirgoyi shoirning asari obroʻsiga mosmas. Dilbar va hassos asarning betayin ritmlarda haqorat qilinganini tushunmasangiz, didingizni tarbiyalang. Haqiqiy adabiyot bilan kundalik koʻngilxushliklarni qorishtirmaylik. Bu boshqa xonandalarga ham saboq boʻlsin.
Alibek Anvariy,
shoir:
Eʼtiborlisi, otarchining hatto joʻgilarga ham mahorat darsiday koʻringuvchi sharmandaligi ortidan toʻplayotgan tangalarini Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim mehribonlik uyiga inʼom etishini maʼlum qilgan. Taʼkidlash joizki, shoirimiz biz guvoh boʻlgan koʻplab xayriyalarda kishibilmas qatnashib, odamlarning joniga ora kirib, xorijda amaliyot oʻtkazishdan oʻzga chorasi qolmagan bemorlarga moliyaviy koʻmak berib kelayotir (bu maʼlumotni oshkor qilganim uchun ustozdan uzr soʻrayman).
Otarchiga mamlakatimiz bedarvoza emasligini eslatib hamda kelgusida millat oydinlariga nisbatan bunday nojoʻya munosabat takrorlanmasligini nazarda tutib, qonunga muvofiq taʼsir chorasini qoʻllash lozim. U bu qilmishi uchun videomurojaat tarzida (omma nazarida) atoqli shoirdan uzr soʻrashi kerak!
Davlat va nodavlat tashkilotlarning mutasaddi rahbarlari mazkur holat boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirib, oʻtgan-qaytgan har qanday kimsa borki, millatning oydinlariga tosh otolmasligini taʼminlashlari shart. Yana bir gap. Homer davridan beri oʻzgarmay kelayotgan shunday alfoz bor: “Shoirlar bilan kurashgan odam baribir yengiladi!”
Madaniyat vazirligi matbuot kotibi Orifjon Fayziyevdan tashkilotning ushbu holatga munosabatini soʻradik. “Sanjay qonun talabidan bosh tortmagan. Tovon pulini qanday koʻrinishda toʻlashi uning fuqaroliq huquqi. Ayni paytda, xonandani shoirga nisbatan madaniyatli boʻlishga chaqiramiz”, dedi u.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining matbuot kotibi Fozil Jabborov bu boradagi munosabatini shaxsiy fikr sifatida qabul qilishimizni soʻradi. “Ehtimol, javobgar shaxsning jarimani tangada toʻlashi qonunga zid emasdir. Lekin qariyb 100 million soʻm mablagʻni 1,5 tonna qilib bermoqchi boʻlishi Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimga hurmatsizlik deb oʻylayman. Hatto mayna va mazax qilish ham... Bu kabi sudlar boshqa shoir va xonandalarga ham saboq boʻlishi kerak. Ijodkorlarimizdan Oʻzbekiston Respublikasi mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati – uzavtor.uz hamda Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasiga aʼzo boʻlishlarini soʻrab qolardim”, dedi u.
Aslini olganda, jahon amaliyotida mualliflik huquqi buzilishi bilan bogʻliq holatlar bot-bot kuzatiladi. Davlatlarni mazkur masalaga munosabatiga koʻra ham tasniflash mumkin. Muayyan mamlakatning qay darajada rivojlangani hamda kelgusi istiqboldagi taraqqiyoti intellektual mulkka nisbatan muomalasiga bogʻliq. Faqat moddiyatni mol-davlat oʻrnida qabul qilish, insonning aqliy mehnati mahsuliga bepisand qarash qoloq jamiyatlarga xosdir.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q