Birinchi koronavirus pandemiyasi 130-yil oldin Buxorodan tarqalgan – xorijiy OAV

Saqlash
06:39 / 16.06.2022 792 0

Birinchi koronavirus pandemiyasi bundan 130-yil avval butun sayyorani chirmab olgan edi, deb xabar beradi RIA “Novosti”.

 

1889-yildan 1892-yilgacha shiddat bilan davom etgan nomaʼlum yuqumli kasallik toʻgʻrisidagi hujjatlarning tahlili shuni koʻrsatmoqda. 1889-yil may oyida Buxoroda odamlar kasallanib tez nobud boʻlayotgani kuzatildi. Bunda umumiy holsizlanish tezda zotiljam (pnevmoniya)ga aylanib keta boshladi. Ayrim bemorlar gʻalati simptom: hid va taʼm bilish hissini yoʻqotganini aytishdi. Bir necha oy oʻtib kasallik butun Turkiston hududiga yoyildi. Ayrim joylarda aholining uchdan ikki qismi oʻlgani kuzatildi. Kasallikdan ayniqsa, keksalar va surunkali xastaligi borlar koʻproq jabr koʻrdi.

 

Noyabr oyiga kelib “Osiyo grippi” (Rossiyada bu kasallik shunday nomlandi) gʻarbda Sankt Peterburg va Kiyevga, sharqda esa Saxalingacha yetib bordi. Virus favqulodda tezkor tarqalardi. Noyabr oyining oʻzidayoq infeksiya Shvetsiya, Norvegiya, Daniya va Germaniyani zabt etdi. Pandemiya dekabrda Italiya, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Irlandiyani chirmab oldi. Buyuk Britaniyada qirollik xonadonidan tortib oddiy dehqonlargacha bu kasallikni boshidan oʻtkazdi. Amerika qitʼasida kasallik ilk marta 18-dekabrda qayd etildi. 1890-yil bahorida tarixdagi birinchi pandemiya toʻlqini Janubiy Afrika, Hindiston, Yaponiya, Xitoy, Avstraliya va Yangi Zelandiya mamlakatlariga yetib bordi.

 

Pandemiya yoyilgan mamlakatlarda karantin choralari koʻrildi. Xususan, zavod, fabrikalar, maktab hamda universitetlar yopildi. Pandemiyaning birinchi toʻlqini pasayib, keyin ikkinchi toʻlqini boshlandi. 1891-1892-yil qishida yuz bergan pandemiyaning uchinchi toʻlqini ayniqsa, shiddatli va shafqatsiz kechdi. Kasallik ming-minglab insonlarning yostigʻini quritdi. Shundan keyin pandemiya asta-sekin pasaya boshladi va 1895-yilga kelib tugadi.

 

AQSH sharqiy qirgʻoqlarida kasallik tarqalishi toʻgʻrisidagi hujjatlarni oʻrgangan Virjiniya politexnika universiteti tarixchi Tomas Eving kasallikning qanday kechganini quyidgicha tasvirlaydi: “Konnektikut shtatida 1890-yil yanvarda 1648 ta oʻlim qayd etilgan. Bu avvalgi odatdagi yillardagidan 85 foiz koʻp demakdir. Infeksiya qurbonlarining aksariyati qariyalar edi”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//