Madaniyat
Nazar Eshonqul – zamonamizning taniqli adibi, mohir tarjimoni, faol ssenariynavisidir. Respublikamiz bo‘ylab turli universitetlarda yozuvchi bilan uchrashuvlar davom etmoqda.
Jumladan, bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yozuvchi tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan “Hozirgi adabiy jarayon masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy anjuman tashkil etildi.
Anjuman O‘z FA o‘zbek tili, adabiyoti va folklor instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika universiteti, Qarshi davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Unda yetuk olimlar, taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, talabalar va OAV xodimlari ishtirok etdi. Anjuman avvalida mYoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Bahodir Xoliqov universitet rektori Shuhrat Sirojiddinovning tabrigini o‘qib eshittirdi:
– Siz o‘zbek adabiyotiga yangi nafas, yangi ruh olib kirdingiz. Mutolaa odamlarni ezgulikka chorlaydigan vosita deb ta’kidladingiz. “Maymun yetaklagan odam”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Qora kitob”, “Momo qo‘shiq”, “Yalpiz hidi” kabi asarlaringizda ana shu haqiqatlarni yorqin aks ettirdingiz. Sizning hayot hodisalari insonning ichki kechinmalarini tahlil qilishga asoslangan asarlaringiz o‘zbek adabiyotidagi chinakam yangilik sifatida e’tibor qozondi. “Mendan mengacha”, “Ijod falsafasi” kitoblaringiz hayot va adabiyot to‘g‘risidagi tasavvurlarni sarhadsiz kengliklarga olib chiqadi. Sizning yozganlaringiz inson tafakkurini quvvatlantiradigan, kishilarning didi, saviyasini yuksaltiradigan bebaho asarlar sirasiga kiradi. Ijodingizga yuksak parvozlar tilaymiz.
Shundan so‘ng adib Nazar Eshonqulga universitet nomidan esdalik sovg‘asi topshirildi.
Anjuman doirasida adibning yangi asarlari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. “Akademnashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Saylanma”ning birinchi jildida Nazar Eshonqulning o‘ttizdan oshiq hikoyalari, ikkinchi jildida esa roman va qissalari o‘rin olgan. Shuningdek, “Kitob bandasi” to‘plamida muallif o‘zi sevib o‘qigan asarlarni kitobxonlarga tavsiya qilar ekan, ularni chuqur sharhlab o‘tadi. Mazkur yangi kitoblar haqida O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻofurov batafsil to‘xtalib o‘tdi:
–Saylanmaga kirgan 32 ta hikoya o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurgan. Romanlarga kelsak, ular ilgari nashr qilinmagan, adibning 20 yillik ijodiy mehnati mahsulidir. Barchamiz sevib o‘qigan “Mendan mengacha”, “Ijod falsafasi” asarlarining davomi sifatida, mana – “Kitob bandasi” degan to‘plam ham yaratilibdi. Mana shu uchta kitob bilan Nazar Eshonqul o‘zining 60 yoshiga qadam qo‘ydi. U 80-yillarda adabiyotga “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi bilan kirib kelgandi. Keyinroq esa “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasini o‘qib, ancha payt talmovsirab yurganman. Men jahon adiblari – Folkner, Xeminguey, Kafka, Sartr, Kamyu va boshqalarning asarlarida shunday mahorat, insonparvarlik, yangilikka intilish, isyonni ko‘rgandim. Bizning o‘zbek adiblari ham ular kabi hayotni shunday sinchkovlik bilan ko‘ra olayotganidan adabiyotshunos sifatida quvonaman.
Anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidning nutqini uning o‘rinbosari Gʻayrat Majid yig‘ilganlarga o‘qib eshittirdi hamda adibga to‘n kiydirdi. Shundan so‘ng adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul adib ijodiga doir “Evrilish tovushi” mavzusida nutq so‘zladi.
Tadbirda Turkiyadagi Istanbul universiteti professorlari ham onlayn tarzda ishtirok etib, yozuvchi ijodi haqida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Nazar Eshonqulning nafaqat adib, balki mohir mutarjim ekanini ta’kidlashdi.
Anjumanda shuningdek, professorlar Nurboy Jabbor va Abdulla Ulug‘ov, filologiya fanlari doktorlari S.To‘laganova va Z. Qobilovaning ham yozuvchi ijodi bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi. Shundan so‘ng Nazar Eshonqulga so‘z berildi:
– Bugungi tadbirni Ibrohim Gʻofurov, Ibrohim Haqqullar tarbiyalagan avlodning 60 yilligi deb qabul qilishingizni so‘rardim. Agar ular bo‘lmaganida sizlar o‘qiyotgan bu kitoblar ham bo‘lmasdi. Bizning mahsulimiz esa siz yoshlarning kelgusi ijodiy faoliyatingizda aks etadi. Bu e’tiborni menga emas, adabiyotga, so‘zga bo‘lgan e’tibor deb qabul qilaman. Minbardagi maqtovli so‘zlar emas, yozgan asarlarimni o‘qish orqali ijodim haqida tasavvur va xulosalarga ega bo‘lasiz, degan umiddaman. Mazkur anjumanning boshida turgan, uyushtirganlarga rahmat aytaman.
Anjuman so‘nggida tashkilotchilar so‘zga chiqib, adibga uzoq umr, so‘nmas ilhom va ijodiy zafarlar tilashdi.
Nodira IBROHIMOVA
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q