O‘zbek kitobxonlarining sevimli adibi

Saqlash
20:08 / 11.06.2022 947 0

“... Bokuga qaytgandan so‘ng Anar muallim kattagina maqola yozdi. “525-gazet” nashrida e’lon qilingan “O‘zbekistondagi unutilmas lahzalar” sarlavhali maqolada mamlakatimizdagi ulkan o‘zgarishlar, xususan, yozuvchi-shoirlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida batafsil hikoya qilgan.” Ushbu parcha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosida taqdimoti bo‘lib o‘tgan Ozarboyjon xalq yozuvchisi Anarning “Albatta uchrashamiz” nomli kitobidan olindi. Uni taniqli yozuvchi Mamatqul Hazratqulov asliyatdan o‘girgan.

 

Tadbirda yurtimizda faoliyat yuritayotgan Ozarboyjon diplomatik korpusi vakillari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faollari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari, taniqli shoir-adiblar, adabiyotshunos olimlar, shuningdek, jamoat arboblari, faxriylar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

 

Ma’lumki, Anar o‘zbek adabiyotining sodiq do‘stidir. 2018 yil 7-8 avgust kunlari Toshkentda o‘tgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzuidagi xalqaro konferensiyada 20 dan ziyod mamlakatdan yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar va tarjimonlar ishtirok etgan edi. Ular orasida Ozarboyjon xalq yozuvchisi, Ozarboyjon Yozuvchilar birligi raisi Anar ham bor edi va u mazkur anjumanda ajoyib ma’ruza qilgandi.

 

Anarning ijodiy tajribasidan: “Gohida fikr tezligiga qo‘l harakati yetolmay qoladi. Ba’zan fikr yopirilib keladi, uni qog‘ozga tushirishga ulgurmay qoladi kishi va oqibatda ayrim fikrlar yo‘qolib qoladi. Shuning uchun ba’zi hollarda diktovkani ishga solaman, ya’ni diktofonga gapiraman. Bunday hol ko‘proq tunda, chiroq yoqib yozib o‘tirmaslik uchun qilinadi. “Tungi o‘ylar” asosan shu taxlit yozilgan.”

 

Darhaqiqat, mohir adib Anarni o‘zbek kitobxonlari yaxshi taniydi. Uning kuchli satira, o‘tkir yumor va tagdor kinoyalarga boy ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilingan. Ushbu kitobdan esa, adibning turli yillarda yozilgan va o‘quvchilarga yaxshi tanish “Dantening yubileyi”, “Oq qo‘chqor, qora qo‘chqor” sarlavhali qissalari va “Eski yilning so‘nggi kechasi”, “Gruzincha familiya”, “Albatta uchrashamiz” singari turkum hikoyalari joy olgan. Bu to‘plam barcha yoshdagi kitobxonlarga qiziqarli hamroh bo‘la oladi. Chunki Anarning asarlari ilgaridan shunday bo‘lgan.

 

Safar OLLOYOR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//