Moʻynoq tumanidagi qishloq maktabiga toza ichimlik suvi keldi

Saqlash
01:01 / 09.06.2022 735 0

Mamlakatimizning Avstriyadagi elchixonasi Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Budapesht Korvinus universiteti va Shveysariyaning “LATMA-ADED” nodavlat notijorat tashkiloti bilan birgalikda Orolboʻyi hududida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihasini amalga oshirdi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

 

Joriy yilning 15-may kuni chet ellik muhandislar Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda Moʻynoq tumanining Tik oʻzak ovulida joylashgan 7-maktab va uning atrofida yashovchi mahalliy aholi uchun suv tozalash uskunalarini oʻrnatish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Shundan soʻng uskunalar ushbu aholi punktiga oʻrnatilib, sinovdan oʻtkazila boshlandi. 20-may kuni barcha montaj ishlari yakunlanib, qurilma rasman ishga tushirildi.

 

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida mahalliy maktabning 300 nafardan ortiq oʻquvchi va xodimlari, shuningdek, Tik oʻzak ovulidagi 229 xonadon (1 ming 375 nafar aholi) toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Loyiha taʼlim komponentiga ham ega ekanini taʼkidlash joiz. Buning barobarida Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari nasos va suv tozalash uskunalarini oʻrnatish, ishlatish va texnik xizmat koʻrsatishni oʻrganmoqda.

 

Elchixona maʼlumotiga koʻra, hozir Budapesht Korvinus universiteti va Shveysariyaning “LATMA-ADED” nodavlat notijorat tashkiloti xodimlari Taxiatosh tumanidagi 8- va 15-sonli umumtaʼlim maktablari uchun ham shu kabi suv tozalash inshootlarini oʻrnatish masalasini oʻrganmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//