254 ta sport maktabi va 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi tashkil etildi

Saqlash
22:21 / 07.06.2022 1465 0

Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 279 ta bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va ularning filiallari negizida 254 ta sport maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari negizida esa 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi tashkil etildi.

 

Bu prezidentning 6-iyundagi “Davlat sport-taʼlim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida qayd etilgan.

 

Sportni rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birga 2 oy muddatda sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining namunaviy shtat meʼyorlarini tasdiqlaydi. Bunda, sport maktablarining alohida sport inshootlari uchun zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha shtat birliklari toʻliq ajratiladi.

 

Maktablarga qabul va tayyorlash tizimi

 

Sport maktablariga 4 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan sport bilan muntazam shugʻullanish va kelgusida professional sportchi boʻlish maqsadidagi bolalar va yoshlar qabul qilinadi.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkazilgan ommaviy sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan yoshlar, shuningdek, 4−6 yoshli bolalar sport turlaridan kelib chiqib ularning antropometrik koʻrsatkichlari asosida dastlab sport maktabining sport-sogʻlomlashtirish guruhida olimpiya sport turlari yoki milliy kurash boʻyicha harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish va harakat faolligi tanqisligini toʻldirish uchun sakkiz oygacha bepul shugʻullanadi.

 

Sport-sogʻlomlashtirish guruhida shugʻullangan yoshlar aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi boʻyicha sport sinovlaridan oʻtkaziladi, ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar sport maktabining boshlangʻich tayyorgarlik guruhiga qabul qilinadi. Bu guruhda yoshlar bazaviy tayyorgarlikka ega boʻlish va keyinchalik ixtisoslashish uchun sportning muayyan turini tanlaydi va uch yilgacha shugʻullanadi.

 

Boshlangʻich tayyorgarlik guruhida shugʻullangan va kamida oʻsmirlar uchun uchinchi sport razryadiga ega boʻlgan bolalar sport maktabining oʻquv-mashq guruhiga oʻtkaziladi. Ushbu guruhda bolalar ixtisoslashuv va sportning tanlangan turi boʻyicha chuqurlashtirilgan mashqlar asosida besh yilgacha shugʻullanadi.

 

Oʻquv-mashq guruhida shugʻullangan va kamida uchinchi yoki ikkinchi sport razryadiga ega boʻlgan bolalar sport maktabining sportda kamolotga erishish guruhiga oʻtkaziladi. Ushbu guruhda bolalar uch yilgacha muddat davomida sport mahoratini takomillashtirish bilan shugʻullanadi.

 

Sportda kamolotga erishish guruhida shugʻullangan va kamida Oʻzbekiston sport ustaligiga yoki Oʻzbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadiga ega boʻlgan bolalar sport maktabining oliy sport mahorati guruhiga oʻtkaziladi. Ushbu guruhda bolalar uch yil va undan ortiq muddat davomida sportda shaxsiy imkoniyatlarini namoyon qilish bilan shugʻullanadi.

 

Sport maktabining sport-sogʻlomlashtirish va boshlangʻich tayyorgarlik guruhlarida tayyorgarlikdan oʻtgan, professional sportga salohiyati bor oʻquvchilari ixtisoslashtirilgan sport maktabining tegishli yoʻnalishiga (sportning oʻyin turlari va yengil atletika, suv sporti turlari, yakka kurash va gimnastika) oʻqishga qabul qilinadi.

 

Sportni rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur band talablaridan kelib chiqib Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari toʻgʻrisidagi nizomning yangi tahririni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

 

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

 

  • aholisi 200 mingdan yuqori boʻlgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 20 ta olimpiya sport turlari;
  • aholisi 150 mingdan 200 minggacha boʻlgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 15 ta olimpiya sport turlari;
  • aholisi 150 minggacha boʻlgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 10 ta olimpiya sport turlari boʻyicha sportchilar tayyorlanadi.

 

Sport maktablari kontingenti faqat Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan (bundan milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari mustasno) sport turlari boʻyicha shakllantiriladi. Bunda har bir sport maktabi va ixtisoslashtirilgan sport maktabiga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan 2 ta noolimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlashga ruxsat beriladi.

 

Sport maktablaridagi Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturlariga kiritilmagan (milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari bundan mustasno) noolimpiya sport turlari boʻyicha mavjud sport seksiyalari faoliyati sport klublari qoshida rivojlantiriladi.

 

Sport maktablari trenerlariga noolimpiya sport turlari boʻyicha, shuningdek, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi boʻyicha sport sinovlaridan keyingi bosqichlarga oʻta olmagan oʻquvchilar uchun olimpiya sport turlari boʻyicha pullik asosda toʻgaraklar tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda sport maktablarida pullik asosda koʻrsatiladigan xizmatlardan tushadigan mablagʻlarning bir qismi ular trenerlariga qoʻshimcha haq sifatida yoʻnaltiriladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlariga sport maktablarida mashgʻulotlar bepul oʻtkaziladi.

 

Moliyalashtirish va musobaqalar

 

2023-yildan boshlab har yili qoʻshimcha ravishda respublika byudjetidan:

 

  • sport maktablarining tibbiyot xonalarini zamonaviy asbob-uskunalar, dori-darmon va tiklanish vositalari bilan jihozlashga — 10 milliard soʻm;
  • sport maktablari uchun zamonaviy oʻquv adabiyotlarini chop etish va xarid qilishga — 2 milliard soʻm;
  • viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etadigan sport maktablari shugʻullanuvchilarini (terma jamoalarini) maxsus sport kiyimlari (ekipirovkalar) bilan taʼminlashga — 23 milliard soʻm ajratiladi.

 

Bundan tashqari, Moliya vazirligi respublika byudjetidan bir oy muddatda tuman (shahar)larning sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejalaridagi sport tadbirlarini moliyalashtirish uchun 55 milliard soʻm ajratilishini taʼminlaydi va 2023-yildan boshlab har yili ushbu mablagʻlarni Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutadi.

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari joylarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda aholi oʻrtasida sport musobaqalarisport aksiyalari, havaskorlik chempionatlarini tizimli tashkil etish choralarini koʻradi.

 

Hududiy, tuman va shaharlarning sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasida nazarda tutilgan musobaqalarni oʻtkazish, ushbu musobaqalarda oʻquvchi-sportchilar ishtirokini taʼminlash uchun ushbu tadbirlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar mahalliy byudjetlari va ularning qoʻshimcha manbalari hisobidan toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlaydi.

 

Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan barcha sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida hududiy terma jamoalar ishtirokini taʼminlaydi.

 

Har oyda kamida bir marta sport maktablarida va ularning sport inshootlarida hamda jismoniy tarbiya, sport markazlari va klublarida “ochiq eshiklar” kunlarini tashkil etishni anʼanaga aylantiradi.

 

Sport federatsiya (assotsiatsiya)larining hududiy boʻlinmalari hamda noolimpiya sport turlari boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan sport klublari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻradi.

 

Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga sport bilan shugʻullanish uchun sharoitlar yaratsin hamda ushbu muassasalarni maxsus sport jihozlari bilan taʼminlaydi.

 

Sport maktablarini boshqarish va samaradorligini tahlil qilishda jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash choralarini koʻradi.

 

Bundan tashqari, Toshkent viloyati hokimligi 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Toshkent viloyati gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini yoʻlga qoʻyadi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//