O’zbekistonlik geologlar Hindistonga boradi

Saqlash
12:09 / 18.09.2021 1064 0

Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi ko’magida O’zbekiston geologiya va mineral resurslar qo’mitasi va Hindiston geologiya xizmati ekspertlar guruhining birinchi muloqoti videokonferensaloqa shaklida tashkil etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.

Tadbirda O’zbekiston geologiya va mineral resurslar qo’mitasi xorijiy investisiyalarni jalb qilish bo‘limi boshlig’i Avazbek Daminov va Hindiston geologiya xizmati direktori Indranil Chakraborti boshchiligidagi mutaxassislar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar geologiyaning turli sohalari, jumladan, foydali qazilmalarni izlab topish va o’zlashtirish borasida ilg’or va innovasion texnologiyalar joriy etish bo’yicha so’nggi yillarda erishilgan yutuqlar to’g’risida fikr almashdi.

Hindiston geologiya xizmati tomonidan o’zbek geo-ilmiy mutaxassislari malakasini oshirish uchun o‘quv kurslarini o’tkazishning tashkiliy jihatlari bo’yicha ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakunida pandemiya munosabati bilan kiritilgan karantin cheklovlari yengillashtirilganidan so’ng o’zbekistonlik geologlarning o’zaro tajriba almashish va sohada to’plangan ilg’or amaliyot bilan tanishish uchun Hindistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish