Ayol turmush o‘rtog‘iga o‘z jigaridan berdi

Saqlash
08:09 / 18.09.2021 862 0

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari tomonidan yana bir ortotopik jigar transplantasiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Operasiya texnik qiyinchiliklar bilan 14 soat davom etgan bo‘lishiga qaramasdan, barcha jarayonlar ijobiy yakunlangan. Hozirgi paytda bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, donor esa palataga o‘tkazilgan. Bu haqda Kun.uz xabar qilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shu yilning avgust oyida o‘tkazilgan operatsiyadan so‘ng markaz mutaxassislari tomonidan jigarida patologik o‘zgarishlari bo‘lgan ko‘p sonli bemorlarga turli maslahatlar berilgan. Tirik donordan jigarning bir qismini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti uchun ana shu bemorlar ichidan eng og‘ir ahvoldagisi tanlab olingandi.

Uchtepa tumanida yashovchi 32 yoshli O‘ktam Ahmedovga ayoli, 28 yoshli Farangiz Ahmedovaning jigaridan bir bo‘lagi ko‘chirib o‘tkazildi.

– Ko‘z oldingda turmush o‘rtog‘ingning kasallikdan so‘lib borayotganini, bundan farzandlaring ham ezilayotganini ko‘rish ayol kishi uchun juda og‘ir, — deydi donor Farangiz Ahmedova. — Besh yildirki, turmush o‘rtog‘im jigar xastaligidan aziyat chekadi. Shu vaqtgacha juda ko‘plab shifoxonalarda davolanib, turli muolajalar oldi, lekin foydasi bo‘lmadi. So‘ng shifokorlar turmush o‘rtog‘imning kasallikdan to‘liq sog‘ayib ketishi uchun jigar ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurligini aytishdi. Atrofdagi ko‘pchilik buning uchun Hindistonga borish kerakligini va amaliyot ancha qimmat ekanini aytdi. Bundan tushkunlikka tushgandik. Keyin esa mana shu shifoxonada bunday amaliyot o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganidan, dastlab bunday operasiyani boshdan o‘tkazgan bemorlarning ahvoli juda yaxshi ekanidan xabar topdik. Shifoxonaga order orqali kelganimiz uchun mablag‘ masalasida ham hech qanday muammo bo‘lmadi. Ushbu muassasada turmush o‘rtog‘imga jigarimning bir bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazishdi. Operasiyadan yaxshi chiqdik. Hozirda turmush o‘rtog‘imning ham, mening ham ahvolimiz yaxshi. O‘zim yuryapman, ovqatlanyapman.

Turmush o‘rtog‘imni ham bir-ikki kunda palataga olishar ekan. Shifokorlar juda yaxshi qarashyapti. Fursatdan foydalanib, ularga ko‘pdan ko‘p rahmat aytaman. Nasib bo‘lsa, yaqinda turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda oilamizga, 3 nafar qizimizning oldiga qaytamiz.

Ta’kidlash kerakki, bu — yurtimizda amalga oshirilgan o‘ninchi, o‘zbek shifokorlari tomonidan mustaqil ravishda o‘tkazilgan ikkinchi ortotopik jigar transplantasiyasi amaliyotidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish