Taʼlim tizimimiz haligacha sovetcha – Senator taʼlim tizimida milliylik yoʻqligini tanqid qildi

Saqlash
01:33 / 31.05.2022 823 0

Oʻzbekiston taʼlim tizimi hali ham sovetcha andozalar asosida ishlab kelmoqda. Bu haqida 28-may kuni Senat yalpi majlisida Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, senator Azamat Ziyoyev aytib oʻtdi. Azamat Ziyoyevning taʼkidlashicha, bugungi oʻzbek taʼlimi oʻquvchilar ongiga eng muhim bilimlarni singdira olmayapti.

 

«Toki taʼlim-tarbiya tizimini milliylik asosida qoʻymas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz. Bola 3 yoshda bogʻchaga boradi, 18 yoshda maktabni bitiradi. Yaʼni 15 yil umri bogʻcha va maktabda oʻtadi. Shu 15 yil ichida uning ongiga milliy tariximiz, tilimiz, adabiyotimiz, sanʼatimiz, musiqamiz va geografiyamizni singdira olsak, marra bizniki. Afsuski, biz bu ishlarni qila olmayapmiz. Buni tan olishimiz kerak. Endi-endi kirishdik, 5-6 yil boʻldi.

 

Prezidentimiz Qashqadaryoga borganda “Biz kimlarning tarixini oʻrganib yuribmiz. Oʻzimizni oʻrganishimiz kerak”, dedi. Bu gapga qoʻshilaman. Biz bolalarga 9 sinfgacha faqat oʻzimizning tariximizni oʻrgataylik, degan taklifni berdik. Yoʻq, Xalq taʼlimi (vazirligi) bilan kelisha olmayapmiz. Bizda eskidan qolgan yomon odat bor: bagʻrimiz keng, hamma narsani sigʻdirib yuboramiz. Quchogʻimizni hammaga ochib beramiz. Boʻldi, u zamonlar oʻtdi. Shu kunlarda dunyo koʻz oʻngida turgan muammolardan birini koʻrib turibmiz. Nima oldinga chiqyapti deganda yurtparvarlik, yurtsevarlik ekanini koʻryapmiz. Biz internet tezligini 1000 barobar oshiraylik, ertaga tarqalayotgan axborotning hammasini oʻzbekchalashtiraylik, ammo mazmun milliy boʻlmasa, bularning nima keragi bor? Oʻzimizni oʻzimiz aldamasligimiz lozim», dedi senator.

 

Azamat Ziyoyevning taʼkidlashicha, oʻzbek taʼlim tizimi sovetcha andozalardan hamon qutula olmagan.

«Maktab darsligidan jahon tarixi oʻqitiladi va Rimni oʻquvchilarga “muqaddas Rim imperiyasi”, deb oʻrgatiladi. Ular uchun muqaddas, biz uchun emas. Yaʼni hali ham oʻsha eskicha, Yevropa, Rossiya nuqtayi nazaridan qarash bor. Men aniq aytaman: bizning taʼlim tizimimiz haligacha sovetcha. Sovet davrida shakllangan andozalar, talablar asosida kelyapti. Buni aytishdan uyalmasligimiz kerak. Bugungi kunda oʻzbek fuqarosi oʻzi yashayotgan mahalla tarixini bilmaydi. Qishlogʻi, viloyatining tarixini bilmaydi. Oldin odam oʻzining dinini bilishi lozim. Nega bizda din bilan bogʻliq muammolar koʻp? Chunki bilmagani uchun. Juda koʻp misollar keltirishim mumkin.

 

Senatimiz va hukumatimizni eʼtiborini bir narsaga qaratmoqchi edim, biz xususiy taʼlimni koʻzdan qochirib qoʻyyapmiz. Viloyatlarda bilmayman qanaqa, Toshkentda asosan bu tizim tili rus tilida. Ertaga tarbiya ham shunga oʻxshab boradi. Agar bu bogʻchalarga kimlarning farzandlari borayotganini va ular 10 yil yoki 20-30 yildan keyin bu jamiyat boshqaruvini qoʻlga olishini inobatga oladigan boʻlsak, biz xavotirga tushishimiz kerak. Toʻgʻri, xususiy taʼlim ishbilarmonlik bilan bogʻliq. Ammo gap tarbiya haqida ketyapti. Xususiymi, davlatnikimi, uni hech qanaqa ahamiyati boʻlmasligi kerak. Bu masalani jiddiy nazoratga olishimiz zarur», dedi u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//