Yurtimizdagi «Baday to‘qay» hududi UNESCO tarmog’iga kiritildi

Saqlash
14:52 / 17.09.2021 2447 0

 UNESCOning butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga qo‘shilish uchun dunyoning bir qator davlatlari o‘z biosfera hududlarini taqdim etgan. E’tiborlisi, taqdim etilgan loyihalar orasida O‘zbekiston tomonidan yuborilgan xujjatlar, turli eksponatlar va taqdimnomalar asosida Quyi Amudaryo davlat biosfera zahirasi hududi UNESCOning Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

Hozir mamlakatimizda UNESCOning ikkita tabiiy obyekti — Chotqol va Amudaryo zaxiralari mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, quyi Amudaryo biosfera rezervati o‘zining boy fauna va flora dunyosi bilan O‘zbekiston tabiatida muhim ahamiyatga ega.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy va Amudaryo tumanlarida joylashgan, “Baday to‘qay” nomi bilan mashhur bo‘lgan hudud Markaziy Osiyo to‘qaylarining 20 foizi, O‘zbekistondagi barcha to‘qayzorlarning 74 foizini tashkil etadi. Biosfera rezervatining umumiy maydoni 68717,8 gektarni tashkil qiladi. Bu yerdagi o‘simliklarning 419 turidan 2 turi, hayvonlarning 36 turidan 1 turi, baliqlarning 43 turidan 12 turi, qushlarning 246 turidan 23 turi “Qizil kitob”ga kiritilgan.

Bundan yuz yil avval Qoraqalpog‘istonda to‘qaylar ko‘pligi kabi Buxoro bug‘ulari ham sanoqsiz bo‘lgan. O‘tgan asrning 40-50-yillarida bug‘ularning go‘shti va terisidan keng foydalanilgan. 60-yillarga borib, xongullar butunlay ko‘rinmay qolgan.

1976-yilda bu yerga  uchta Buxoro bug‘usi keltirilib, 8 gektarlik volyer hudud tashkil qilingan. 1978-yilda yana 9 bosh keltirilgan. 1982-yilda  erkin hududga qo‘yib yuborilgan paytda ularning soni 32 bosh edi.  Mutaxassislar tomonidan xongullarning emin-erkin yashashlari, ko‘payishlari uchun barcha  zarur choralar ko‘rilgan. Hozirda ular 1000 boshga yetib qolgan.

Sessiya ishi 13 sentyabr kuni boshlanib, 17 sentyabr kuni yakunlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//