Konstitusiyani isloh qilish bo‘yicha komissiyaga Akmal Saidov rahbarlik qiladi

Saqlash
01:06 / 21.05.2022 827 0

O‘zbekiston Konstitusiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi. 20 may kuni Oliy Majlis Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida komissiyaning tarkibi va vazifalari belgilab berildi, deb xabar qildi Daryo.

 

Konstitusiyaviy komissiya raisligiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazining direktori Akmal Saidov nomzodi tasdiqlandi. U amaldagi (1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan) Konstitusiyani ishlab chiqish bo‘yicha (birinchi prezident Islom Karimov raislik qilgan) komissiya tarkibida bo‘lgan.

 

Komissiya raisi o‘rinbosarlari etib quyidagilar tasdiqlandi:

 

    O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov;
    «Milliy tiklanish» fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov;
    Qoraqalpog‘iston Jo‘qori Kengesi raisi Murat Kamalov;
    Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov.

 

Komissiya tarkibiga shuningdek, deputatlar, senatorlar, O‘zbekistonning barcha hududlaridan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa mutaxassislar kiritildi.

 

Ma’lum qilinishicha, Konstitusiyaviy komissiya o‘z faoliyatini «jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan g‘oya asosida olib boradi. Komissiyaga aholining barcha qatlamlaridan Konstitusiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni olish borasida vazifalar qo‘yildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//