Yurtimizda grammi 9 dollar turadigan metal olina boshladi

Saqlash
17:09 / 15.09.2021 944 0

"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyatining Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi jamoasi olamshumul muvaffaqiyatga erishdi. Korxonada reniy metali sof holda olindi. Bu haqda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati axborot xizmati xabar qilmoqda. 

Reniy metalini sof holda olish ishlari bo‘yicha laboratoriya sinovlari 2016-yilda boshlangan bo‘lib, shu yil yakuniga yetdi. Natija kutilganidan ham a’lo bo‘ldi. Sinov jarayonlari natijasida 99,9 foiz sof holda reniy metali olinishiga erishildi. Kombinatda kelgusida ushbu mahsulot sanoat miqyosida ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilmoqda. 

Ushbu metall Mendeleyev davriy jadvalida 75-o‘rinni egallab, o‘ziga xos noyob fizik-kimyoviy xossalariga ko‘ra ko‘plab sohalarda qo‘llaniladi. 

Jumladan, neftni qayta ishlash sanoatida katalizator tayyorlashda asosiy komponent hisoblanadi. Aviasozlik, elektrotexnika sohalarida detallar uchun asosiy element sifatida foydalaniladi. 

Yadro sanoatida esa ushbu metalldan termoparalar tayyorlashda foydalanilmoqda. Bu reaktorda yuqori haroratni o‘lchash imkonini beradi. 

Shuningdek, tibbiyotda turli og‘ir xastaliklarni davolashda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarida maxsus uskunalarni tayyorlashda qo‘llaniladi.  Zargarlikda esa reniydan qimmatbaho buyumlarni bezash uchun qoplama sifatida foydalaniladi. 

Jahon bozorida 1 gramm reniyning o‘rtacha narxi 9 dollar atrofida turadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish