16-maydan mahalla fuqarolar yigʻini raisi - oqsoqoli saylovi boshlandi

Saqlash
21:42 / 16.05.2022 920 0

Joriy yilning may-iyun oylarida mahalla fuqarolar yigʻini raisi - oqsoqoli saylovi boʻlib oʻtadi. Saylov 16-maydan boshlandi.


Bugungi kun holatiga koʻra mamlakatimizda 9 mingdan ziyod fuqarolar yigʻini mavjud boʻlib, ularning 41 tasi shaharcha fuqarolar yigʻini; 73 tasi qishloq fuqarolar yigʻini; 165 tasi ovul fuqarolar yigʻini; 9 mingdan ziyodi mahalla fuqarolar yigʻinlaridir. Jumladan, 4 mahalla jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadi, 580 fuqarolar yigʻini yurtimizning qoʻshni mamlakatlar bilan chegara va anklav hududlarida joylashgan.Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, har bir fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari — mahalla, qishloq, ovul va shaharcha fuqarolar yigʻinlarida fuqarolar yigʻini raisi saylanadi.


Qonunga muvofiq, fuqarolar yigʻini raisini (oqsoqolini) saylash huquqiga saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida doimiy yashovchi fuqarolar ega boʻladi.

 

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishi mumkin emas. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.


Mazkur saylovni tashkil etish va oʻtkazish ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) fuqarolar yigʻini tomonidan, fuqarolar yigʻinini chaqirish imkoni boʻlmagan taqdirda esa, fuqarolar vakillarining yigʻilishi tomonidan uch yilga saylanadi. Fuqarolar yigʻini raisini saylashda fuqarolar yigʻinining yoki fuqarolar vakillari yigʻilishining har bir ishtirokchisi bir ovozga ega boʻladi.


Fuqarolar yigʻini raisi saylovi ushbu lavozimga ikki va undan koʻp nomzod koʻrsatilgan holda amalga oshiriladi. Qonunga muvofiq, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va oʻtkazish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Davlat organlari fuqarolar yigʻinlariga koʻmaklashish, zarur hollarda ularni bino, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlashi belgilangan.Shuningdek, mazkur hujjatda fuqarolar yigʻini raisi saylovi, saylovga tayyorgarlik tadbirlarini oʻtkazish muddatlari va tartibi saylov boshlanishidan kamida ikki oy oldin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.


Joriy yilning 16-mart kuni Senat kengashining “Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.


Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirining tegishli buyrugʻi ijroga qaratilgan.

 

Unga koʻra saylovga oid maʼlumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish, ommaviy axborot vositalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha Ishchi guruhlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar Kengashlarining qarorlari bilan 221 ta koʻmaklashuvchi komissiyalari tuzilib, saylovga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishga doir tadbirlar rejalari tasdiqlandi.

 

Maʼlumot uchun, mamlakatimizdagi 842 mahallada saylov boʻlib oʻtadi. Unda 239 ming 910 nafar saylovchi ishtirok etishi belgilangan. 2 ming 270 nafar nomzod saylovda ishtirok etadi. Shundan 510 nafari (60,5 foizi) amaldagi raislar, 1 ming 762 nafari birinchi marotaba saylovda ishtirok etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//