Oʻzbekiston boʻyicha qariyb 3 mingta maktabda qurilish ishlari amalga oshiriladi

Saqlash
17:34 / 14.05.2022 834 0

“Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriqabul qilindi.


Qarorga koʻra, 2022-yil 1-sentyabrdan respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingi shakllantiriladi va eʼlon qilib boriladi.


Reyting doirasida har oʻquv yili yakunida maktablardagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holati baholab boriladi.

 

Maktablar reyting koʻrsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.


Reyting koʻrsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan maktablarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha zarur choralar koʻriladi.


Qarorga koʻra, har chorakda namunali oʻquvchilarning ota-onalarini ragʻbatlantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.


2022-yil 1-sentyabrdan ota-onalar “my.maktab.uz” axborot tizimi orqali umumiy oʻrta taʼlim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari bilan tanishib borishi mumkin.


Qarorga koʻra, 2023-2024-yillarda maktablarda maʼnan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash boʻyicha dasturni moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan 200 milliard soʻm, mahalliy byudjetlar hisobidan 200 milliard soʻm miqdorda mablagʻlar ajratiladi.


2022/2023 oʻquv yilidan 400 nafargacha oʻquvchisi boʻlgan maktablarda Internet tezligi kamida 40 Mbit/s, oʻquvchilar soni 400 nafardan yuqori boʻlganlarda – kamida 100 Mbit/s boʻlishi taʼminlanadi.


2022-yil 1-sentyabrgacha fan oʻqituvchisi va maktab direktori lavozimlari uchun tanlovda ishtirok etishga onlayn ariza topshirish va nomzod haqida maʼlumotlarni joylashtirish imkonini beradigan maxsus elektron portal yaratiladi.


Qarorga koʻra, 2022-2026-yillarda respublika boʻyicha jami 2 899 ta (jumladan, joriy yilda 433 ta) maktabda qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.


2022-yil 1-avgustgacha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining texnologiya fani ustaxonalari hamda kasb-hunar amaliyoti xonalari namunaviy loyihalari ishlab chiqiladi.


2023-yil 1-yanvardan:


umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari har 11 yilda kamida bir marta majburiy tarzda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi. Bunda, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari muddatdan oldin attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan shartnoma asosida oʻtishi mumkin;

 

Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari quyidagi tartibda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi:

 

faoliyat yuritayotgan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari – amaldagi akkreditatsiya sertifikatining muddati tugaganidan soʻng 11 yil muddatga;

 

yangi tashkil etiladigan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari – ular tashkil etilgan paytdan boshlab (belgilangan tartibda litsenziya olgan paytdan boshlab) 11 yil muddatga;

 

davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida xavf-xatarlar tahliliga asoslangan taʼlim sifati monitoringi joriy etiladi;

 

uzluksiz uch yil davomida faoliyat samaradorligi darajasi yuqori boʻlgan davlat va nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida tekshiruvlar tashkil etishga 3 yil muddatga moratoriy joriy qilinadi (potensial korrupsiogen holatlar bundan mustasno).

 

2025-yil 1-yanvargacha xalq taʼlimi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//