Jamiyat
Sayyoraning aksariyat mintaqalarida boʻlgani kabi Oʻzbekiston hududida ham global isish tendensiyasi oshib bormoqda. Bu haqida “Oʻzgidromet” maʼlum qildi.
Qayd etilishcha, meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun soʻnggi 7 yil eng iliq boʻldi. Eng iliq yillar qatorida birinchi oʻrinni 2016 va 2021-yillar egallaydi.
Bahor va yoz oylarida anomal issiq davrlarning takroriyligi hamda jadalligi ortib bormoqda. Orolboʻyi hududlari ushbu hodisaga koʻproq moyil ekani aytiladi. Soʻnggi 5 yil ichida ushbu hududda deyarli har yili maksimal havo harorati rekordlari yangilangan.
Havo harorati 40 daraja va undan yuqori boʻlgan kunlar soni ortdi. Choʻl hududlarida, respublika shimoli va janubida gʻayritabiiy issiq kunlar soni 25 dan 40 kungacha (meʼyor 15-30 kun) boʻlgan.
Quruq davrlarning davomiyligi ortmoqda, bu esa atmosfera qurgʻoqchiligi va suv taqchilligi oshishiga olib keladi. Soʻnggi yillarda atmosfera qurgʻoqchiligi boʻlgan kunlar soni 50-80 kunni tashkil etib, oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarda 30-70 kunni tashkil etmoqda.
Shtorm shamollar changli gʻuborlar hosil boʻlishi va ularni tarqalishiga olib keladi. 2021-yil noyabr oyining boshida Toshkent shahrida, shuningdek Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida birinchi marta anomal tabiiy hodisa - koʻrish masofasi 100-200 metrgacha yomonlashishida chang-qum boʻronlari kuzatildi.
“Oʻzgidromet”ga koʻra, respublika hududidagi togʻ va togʻoldi hududlari sel xavfi boʻlgan zonalar hisoblanadi. Soʻngi 10 yilda respublika boʻylab 657 ta (2018-yil – 75 ta, 2019-yil – 132 ta, 2020-yil – 119 ta, 2021-yil – 134 ta; joriy yilda – 70 dan ziyod) sel va suv toshqinlari kuzatilgan.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, respublika hududining 12 foizida 29 ta asosiy sel kelish havzasi mavjud boʻlib, ushbu hududlar asosan Namangan, Fargʻona, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida joylashgan.
Sellarning kelib chiqishi asosiy sababi kuchli jala yomgʻirlari (doʻl) boʻlib, natijada daryo va soylarda suv sathining koʻtarilishi, suvning oʻzandan toshib chiqishi oqibatida hududlarda suv bosish holatlari intensivligi ortmoqda.
Taʼkidlanishicha, joriy yilning 20-aprel kuni Jizzax viloyati Forish tumani kuzatilgan yogʻingarchiliklar natijasida “Egizbuloq” MFYda yashovchi 5 nafar fuqaroni sel oqizib ketishi natijasida halok boʻlgan, 4 ta xonadonni suv bosgan, 10 ta xonadon jiddiy talafot koʻrgan. 10-may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida boʻlib oʻtgan kuchli yogʻingarchiliklar va doʻl oqibatida Toʻpalang daryosidan sel kelib, 2 nafar fuqaroni oqizib ketgan.
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q