Sirdaryoda mansabdorlik va korrupsiyaga oid 105 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan

Saqlash
21:37 / 13.05.2022 758 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish Sirdaryo viloyati hududiy Kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

Viloyat hokimi, hududiy kengash raisi Gʻofurjon Mirzayev joriy yil oʻtgan davri mobaynida viloyat boʻyicha mansabdorlik va korrupsiyaga oid holatlar yuzasidan 105 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.

 

Bugungi kunga qadar 75 shaxsga nisbatan 57 ta jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilib, javobgarlik muqarrarligi taʼminlangan.

 

Ushbu yoʻnalishda sodir etilgan jinoyatlar oqibatida jami 17,1 mlrd. soʻmlik zarar aniqlangan boʻlib, shundan tergov davomida 8,9 mlrd. soʻm yoki 52 foizi undirilgan.

 

Jinoyat sodir etgan mansabdor va boshqa shaxslarning 67 nafari tuman-shaharlar va 8 nafari viloyat miqyosidagi korxona, tashkilot va idoralarga toʻgʻri keladi.

 

Sohalar kesimida tahlil qilinganda, jinoyatlarning aksariyati qurilish, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, qishloq va suv xoʻjaligi sohasi xodimlari tomonidan sodir etilgan.

 

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi tizimida uchrayotgan korrupsiyaviy jinoyatlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

 

Qishloq xoʻjaligi sohasining rivoji, avvalo, yer maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish bilan chambarchas bogʻliq. Oʻzbekiston Recpublikasi Yer kodeksining 23-moddasida “ijaraga berilgan yer uchastkalari oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas”ligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

 

Biroq prokuratura organlari tomonidan bugungi kunga qadar noqonuniy yer sotish bilan bogʻliq 26 ta holatda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, sudlarga yuborilgan.

 

Bu kabi qonun buzilish holatlarining kelib chiqish sabablari, qishloq xoʻjaligi tashkilotlari va uning quyi tizimlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari atroflicha muhokama qilindi.

 

Ishlab chiqilgan ish rejaga muvofiq viloyat, korxona va tashkilot rahbarlarining hisobot va maʼruzalarini hududiy kengash ishida eshitish vazifasi belgilangan. Yigʻilish davomida Ichki ishlar, sogʻliqni saqlash va maktabgacha taʼlim boshqarmalari rahbarlarining 2022-yil 1-choragi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//