8-qavat derazasida osilib turgan 3 yoshli qizchani qutqargan yigit taqdirlandi

Saqlash
19:50 / 13.05.2022 1058 0

11 may kuni Nur-Sultonda yashovchi 37 yoshli Sobit Shontakbayevning 8 qavatda osilib qolgan 3 yoshli qizchani qutqarib qolgani videosi tarqalgan edi.

 

«Kun qahramoni» deya e’tirof etilgan yigitning ko‘rsatgan jasorati munosib baholandi.

 

 

Sobit Shontakbayev Nur-Sultan shahri hokimi Altay Ko‘lginovning qabulida bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Ibrohim Qulshimbayev qahramonni «Favqulodda vaziyatlardagi jasorati uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

 

Ma’lum qilinishicha, Sobit ertalab soat 10 da ishga ketayotgan vaqtida hovlida odamlar baqirayotganini eshitadi. 8-qavatda osilib turgan bolani ko‘rgach, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, FVD xodimlari hamda polisiya kelgunga qadar qizchani qutqarib qolgan. Qizcha taxminan 10-15 daqiqa shu holatda chidab turgan.

 

Mahalliy polisiyaning xabar berishicha, 3 yoshli qizcha uyda yolg‘iz bo‘lgan va yumshoq o‘yinchoqlari va yostiqlari bilan deraza oldida o‘ynayotgan bo‘lgan. Qizcha ular yordamida deraza tokchasiga chiqib, 8-qavatdan pastga osilib qolgan.

 

    Ma’lumot o‘rnida: Qizaloqni qutqargan yigit ham ko‘p bolali ota, ikki hafta oldin Qozog‘iston poytaxtiga ish izlab kelgan. Oilasi esa Qizilo‘rdada yashaydi.  


 

Xabarlarga ko‘ra, xayriya tashkilotlaridan biri qurilish kompaniyasi bilan birgalikda Sobit Shontakbayevga poytaxtdan 3 xonali uy sovg‘a qildi.

 

Homiylardan biri esa Sobitning bank kreditlarini to‘lab, uning farzandlarini yozgi lagerlarga taklif qilgan.


Hatto, o‘sha kungi voqeada Sobitning oyoqlaridan tutib turgani uchun uning sherigi Sagi Jilkishevga ham homiylar tomonidan 2 xonali uy sovg‘a qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//