O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida temir yo‘l qatnovi qayta tiklanmoqda

Saqlash
21:55 / 12.05.2022 724 0

Joriy yil 15 may kuni, ikki yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida temir yo‘l qatnovi qayta tiklanadi.

 

«O‘zbekiston temir yo‘llari» ma’lumotiga ko‘ra,  15 may kuni 647/648-sonli  Nukus –Beyneu – Nukus yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdining qatnovi amalga oshiriladi. 16 maydan e’tiboran Olma-ota-2 – Toshkent – Olma-ota-2 yo‘nalishida 1/2-sonli (“Tulpor-Talgo”) poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Yuqorida ko‘rsatilgan qatnovlarning davriyligi Toshkentdan haftasiga 3 marotaba Markaziy vokzaldan amalga oshiriladi.

 

«Chiptalarni elektron tarzda hamda temir yo‘l kassalaridan sotib olish mumkin. Yo‘lovchilar elektron chiptalarni xarid qilishayotganida  Qozog‘istonning davlat chegarasidan o‘tish uchun uni A4 formatidagi qog‘oz ko‘rinishida chiqarishi (chop etishi) talab etiladi. Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kutilmoqda», deb ma’lum qiladi manba.

 

Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston Respublikasi davlat chegarasi o‘tish punktlari orqali Qozog‘iston Respublikasiga kelgan barcha kishilar PZR usuli bilan COVID-19 ga test sinovidan o‘tganligi haqida ma’lumotnomani taqdim etishlari shart (qozoq, rus yoki ingliz tilida). Mazkur ma’lumotnoma Qozog‘iston Respublikasi davlat chegarasidan o‘tishdan oldin kamida 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda bo‘lishi talab etiladi.

 

Eslatib o‘tish joiz, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, agar ularni kuzatuvchi (birga bo‘lgan) shaxsda ushbu ma’lumotnoma mavjud bo‘lsa,  Qozog‘iston hukumati delegatsiyalarining a’zolari,  lokomotiv brigadalari, temir yo‘l, dengiz va daryo transporti orqali tashishlarda faoliyat olib borayotgan shaxslar, Qozog‘istonda COVID-19ga qarshi revaksinatsiya yoki to‘liq emlash kursini olgan shaxslar agar ikkinchi komponentni olganidan so‘ng Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tish vaqtida 6 oydan oshmasa,  Qozog‘iston Bosh davlat sanitariya vrachi qaroriga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi hududida haqiqiy deb topilgan COVID-19ga qarshi emlash uchun pasport/sertifikat/ ma’lumotnoma bergan shaxslardan ma’lumotnoma talab qilinmaydi.

 

Qozog‘iston hududiga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar hududidan, shuningdek, Ozarbayjon, Moldova, Tojikiston va O‘zbekistondan kelayotganlar, shu jumladan, «Puteshestvuyu bez COVID-19» ilovasidan ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi.

 

Tana harorati yuqori bo‘lgan shaxslar aniqlangan holatlarda ular  ma’lumotnoma mavjudligidan qat’iy nazar yuqumli kasalliklar shifoxonasida izolyatsiya qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//