Harbiy gospitalda ilk bor buyrak transplantatsiya amaliyoti oʻtkazildi

Saqlash
03:49 / 12.05.2022 794 0

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida ilk bor buyrak transplantatsiya amaliyoti oʻtkazildi. Bu haqida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

 

Shuhrat Ziyotov — Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan. 18 yildan ortiq vaqt davomida harbiy xizmatda boʻlgan. 2018-yili sogʻligʻida muammo kuzatilgach, zaxiraga oʻtkazilgan. Oʻtgan vaqt davomida buyrak yetishmovchiligi xastaligi sabab, turli tibbiy muolajalarni oʻtkazgan. Sogʻligʻi yaxshilanavermagach, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga koʻmak soʻrab murojaat qilgan.

 

Vazirlik tomonidan tezkor amaliy yordam berish choralari koʻrilgan. Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashgan jarrohlik markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruv-diagnoz natijalariga koʻra, buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyotini oʻtkazish zarurligi aniqlangan. Shuhrat Ziyotovning turmush oʻrtogʻi donor boʻlishga tayyorligini bildirgan.

 

— Turmush oʻrtogʻimning salomatliklari menga hamma narsadan muhim, oilamiz baxtiga tezroq tuzalib ketsalar, menga shu yetarli — deydi Mushtari Murodova. — 3 nafar farzandimiz bor. Men kelajagimizni turmush oʻrtogʻim bilan birga koʻrishni xohlayman. Bizga operatsiyagacha boʻlgan vaqt davomida kerakli barcha dori-darmon, muolajalar bepul oʻtkazildi. Shifokorlarning barchalariga minnatdorchiligimni bildiraman.

 

— Harbiy tibbiyot tarixida ilk bor murakkab jarrohlik amaliyoti — buyrak transplantatsiyasini amalga oshirdik, — deydi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali boshligʻining jarrohlik ishlari boʻyicha muovini, bosh jarrohi Ulugʻbek Rasulov. — 7 soatdan oshiq vaqt davom etgan operatsiya jarayoni muvaffaqiyatli oʻtdi. Hozirda ikkalalarining ham ahvoli yaxshi. Bu jarrohlik amaliyotini oʻtkazishda Mudofaa vazirligining oʻrni katta. Zarur jarrohlik asbob-uskunalari hamda dori-darmonlar bilan toʻliq taʼminlab berishdi. Qolaversa, bundan buyon bemor va donorning toʻliq tuzalib ketguniga qadar nazorat ostida boʻladi. Barcha kerakli muolajalar bepul koʻrsatiladi. Yana bir muhim masalaga urgʻu bermoqchiman. Yaqin kunlar ichida harbiy gospitalimizning yangi 8 qavatlik binosi toʻliq foydalanishga topshiriladi. Shundan soʻng bizning harbiy soha vakillari va uning oila aʼzolariga tibbiy yordam koʻrsatish bilan birga, boshqa yurtdoshlarimizga ham tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Bizga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, bor bilim va salohiyatimizni ishga solishga tayyormiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//