Uy va avtomobil oldi-sotdisida boj toifalari olib tashlanib, umumiy narxlar belgilanishi kutilmoqda

Saqlash
23:21 / 11.05.2022 976 0

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi oʻz ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi.

 

Majlisda dastlab deputatlar “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qildi.


Mazkur qonun loyihasi bilan notariuslar tomonidan notarial harakatlar rasmiylashtirilganligi uchun undiriladigan davlat bojining shaffofligini taʼminlash koʻzda tutilmoqda. Bunda koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish, mol-mulkni ijaraga berish, mol-mulkdan tekin foydalanish, avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish, garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlashda undiriladigan davlat boji optimallashtirilmoqda. Yaʼni, ilgari differensial tarzda hisoblanadigan davlat boji qatʼiy stavkalarda belgilanishi taklif etilmoqda.


Qayd etilganidek, notarial harakatlarning asosiy qismini tashkil etuvchi koʻchmas mulklar, avtotransportlar oldi-sotdisi jarayonida davlat boji turli toifalarga ajratilgan holda toʻlanadi. Bu esa ham notariuslarda, ham fuqarolarda turli tushunmovchiliklarni yuzaga keltirmoqda.


Shu bois davlat bojini toʻlashda qatʼiy “stavka”larni belgilash maqsadida mazkur qonun loyihasida uy sotib olishda maydonning qanchaligidan qatʼiy nazar bir xil – 1,5 barobar miqdorda boj undirish taklif qilinyapti. Amaldagi qonunchilikda bu oltita toifaga ajratilgan boʻlib, olti xil miqdorda davlat boji undirilar edi.


Avtotransportlar oldi-sotdisida esa ishlab chiqarilgan yili, ot kuchi, jami 12 ta toifaga ajratilgan holda umumiy narxning 10 barobari (2 700 000)gacha toʻlov qilinyapti. Shu bois, aksariyat odamlar sotib olayotgan mashinasini oʻzining nomiga rasmiylashtirishdan koʻra, 3 yillik ishonchnoma imzolashni afzal koʻrmoqda.


Ushbu qonun loyihasida mashinaning ishlab chiqarilganlik va ot kuchidan qatʼiy nazar bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari, yaʼni 810 ming soʻm miqdorda davlat boji undirish belgilanmoqda.


Bundan tashqari, loyihada davlat bojini toʻlashdan ozod qilish asoslari ham oʻz aksini topmoqda.


Majlisda qonun loyihasini moddama-modda koʻrish davomida deputatlar tomonidan fikr va takliflar bildirilib, qizgʻin muhokamalardan soʻng qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//