Zaxira yetarlimi? Markaziy bank naqd pul olishdagi vahimali vaziyatga izoh berdi

Saqlash
23:14 / 11.05.2022 899 0

Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardagi naqd pul yetishmayotgani bilan bogʻliq tarqalgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Markaziy bank quyidagilar maʼlum qildi.

 

Joriy yilning mart oyi ikkinchi yarmidan boshlangan milliy valyuta – “soʻm”da naqd pulga boʻlgan talabning keskin ortishi natijasida Markaziy bank tomonidan muomalaga mart oyida 1 trln. 119 mlrd. soʻm, aprel oyida – 6 trln. 343 mlrd. soʻm, may oyining oʻtgan 11 kunida 1 trln. 100 mlrd. soʻm qoʻshimcha naqd pullar chiqarildi.

 

Jumladan, mart-aprel oylarida qoʻshimcha chiqarilgan naqd pullarning 8 trln. soʻmi aholining naqd chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlashga boʻlgan keskin oshgan talabini (ushbu 2 oylik talab odatdagi 11,1 trln. soʻmdan 19,3 trln. soʻmga yetgan), 4-4,5 trln. soʻmi bank kartalaridagi mablagʻlarni naqdlashtirishga boʻlgan qoʻshimcha talabni (17 trln. soʻmdan 22 trln. soʻmga yetgan) qondirishga yoʻnaltirildi.

 

Mavsumiy iqtisodiy faollikning ortishi sababli 2021-yilning mart-may oylarida Markaziy bank tomonidan muomalaga qoʻshimcha ravishda 2,5 trln. soʻm naqd pul chiqarilgan boʻlsa, joriy yilning mart-aprel oylarining oʻzida (may oyini hisobga olmaganda) bu koʻrsatkich 3 barobarga oshdi.

 

Markaziy bank tomonidan joylardagi banklar filiallari va bankomatlarni naqd pul bilan taʼminlash borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda va aholining naqd pulga boʻlgan talabini toʻliq qondirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralari mavjud.

 

Yuzaga kelayotgan qisqa muddatli uzilishlar naqd pullarni joylarga yetkazib berish, yaʼni logistikasi va bankomatlarga joylashtirish bilan bogʻliq ekanligini hamda mazkur masala Markaziy bank tomonidan nazoratga olinganligini maʼlum qilamiz.

 

Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari tomonidan aholining tovarlarni xarid qilishlarida va xizmat koʻrsatishda bank kartalari orqali hisob-kitoblarda toʻlov terminallaridan toʻlaqonli va uzluksiz foydalanishlari ushbu muammolarga barham berilishiga koʻmak beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//