Manfaatlar toʻqnashuvi alohida Qonun bilan tartibga solinmoqda

Saqlash
21:50 / 10.05.2022 787 0

Adliya vazirligi tomonidan manfaatlar tqnashuvining oldini olish toʻgʻrisida qonun loyihalari ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

 

Qonun loyihalarida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

 

– davlat tashkiloti xodimi yoki uning yaqin qarindoshi aksiyadori, muassisi (ishtirokchisi), boshqaruv organi aʼzosi hisoblanadigan yuridik shaxs ushbu xodimlarga aloqador shaxs hisoblanishi belgilanmoqda;

– davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvi tartibga solishda vakolatli organlar, yaʼni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar boʻlinmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari belgilanmoqda;

– davlat tashkiloti xodimi tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maʼlum qilish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi belgilanmoqda:

– manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni deklaratsiya qilish;

– mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berish.

 

Shuningdek, davlat tashkiloti xodimining yaqin qarindoshlari va unga aloqador boʻlgan shaxslar mazkur xodimning mehnat qilayotgan tashkiloti bilan huquqiy munosabatga kirishayotganida manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida yozma yoki elektron shaklda xabar berishi lozimligi belgilanmoqda.

 

Bundan tashqari, manfaatlar toʻqnashuviga oid talablarni buzganlikning huquqiy oqibatlari belgilanmoqda. Xususan:

 

– manfaatlar toʻqnashuvini maʼlum qilmaslik yoki uning tartibga solinmaganligi uchun intizomiy yoki qonunchilikda belgilangan boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻlishi;

– davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining har bir holatda manfaatlar toʻqnashuvi haqida xabar bermaganligi uchun BHMning uch baravardan besh baravarigacha (takroran boʻlsa – BHMning besh baravardan oʻn baravarigacha), mansabdor shaxslarining ushbu vaziyatlarni tartibga solmaganligi uchun BHMning besh baravardan oʻn baravarigacha jarimaga (takroran boʻlsa – BHMning oʻn baravardan oʻn besh baravarigacha);

– maʼmuriy bayonnoma tuzish vakolatlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli boʻlgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilmoqda;

– manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan holda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar bekor qilinishi sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi, shuningdek ushbu qarorlar haqiqiy emas deb topilgan taqdirda olingan foyda sud tartibida davlat daromadiga oʻtkazilishi;

– manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash mexanizmlari belgilanmoqda.

 

Mazkur qonun loyihalari qabul qilinsa, davlat tashkilotida davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir qilinishi oldi olinishi hamda xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi 3 ta indeksda Oʻzbekiston pozitsiyasiga ijobiy taʼsir etishi kutilmoqda.

 

Qonun loyihalarini ishlab chiqishda mazkur sohada ilgʻor tajribaga ega boʻlgan xorijiy davlatlarning (Chexiya, Latviya, Xorvatiya, Gruziya, Kanada, Moldova va boshqalar) amaliyoti oʻrganilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//