Surxondaryoda Saljuqiylarga oid oltin dinor topildi

Saqlash
20:55 / 10.05.2022 912 0
Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Termiz tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi Ulkan Eraliyev tomonidan bog‘ sug‘orish chog‘ida yerdan og‘irligi 1,92 grammlik oltin dinor topildi, deb xabar berdi Turizm va madaniy meros vazirligi.

 

Fuqaro Ulkan Eraliyev qimmatbaho topilmani belgilangan tartibda Termiz arxeologiya muzeyiga topshirgan, shundan so‘ng unga amaldagi qoidalarda belgilangan haq to‘lab berilgan.

 

Mutaxassis va numizmatlar tomonidan qimmatbaho tilla dinor dastlabki ekspertizadan o‘tkazildi. Shuningdek, qazilma maydonidan Qoraxoniylar va Saljuqiylar davriga oid kulolchilik buyumlari parchalari topilgan.

 

 

 

«Oltin dinorning old tomonida muzey numizmati doktoranti Mansur Normo‘minov „Alloh“ va „Muhammad“ so‘zlarini, shuningdek, arab alifbosining ayrim harflarini o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Tanganing orqa tomonidagi matn deyarli o‘chib ketgan. Shikastlangan, lekin yaxshi saqlanib qolgan tanga — oltin dinorning og‘irligi 1,92 grammni tashkil qilgan. Ma’lumki, musulmon mamlakatlarida tilla tangalar — „dinor“, kumush tangalar — „dirham“ deb atalar edi», — deydi Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunali Kuziyev.

 

 

Termiz o‘zining strategik joylashuvi tufayli imperiyalar o‘rtasida tez-tez tortishuvlar va urushlar obyektiga aylangan. X asrning ikkinchi yarmida shahar qoraxoniylar va g‘aznaviylar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlar joyiga aylandi. Bu hukmdorlar bir-birlari bilan bo‘lgan urushda allaqachon qattiq holdan toyganidan foydalangan saljuqiy shahzodalar To‘g‘rulbek va Chag‘rilbek Termiz va uning atrofini egallab oladi, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//