Oʻzbekistonliklar 13 turdagi kasalliklarga qarshi rejali emlanmoqda

Saqlash
19:32 / 07.05.2022 897 0

Xastalikni davolashdan koʻra, uning oldini olgan afzal. Tibbiyotda kasalliklar profilaktikasiga alohida eʼtibor qaratilishining sababi shu. Qolaversa, oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin.

 

Mutaxassislar xulosasiga koʻra, bunday yondashuv iqtisodiy jihatdan ham juda samarali. Masalan, yuqumli kasalliklarga qarshi ommaviy emlash tadbirlari nafaqat turli epidemiyalar tarqalishining, balki sogʻliqni saqlash muassasalariga yuklamalar keskin ortib ketishining ham oldini oladi.

 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlim rahbari Dilorom Tursunova bilan yurtimizda olib borilayotgan immunizatsiya va vaksinatsiya tadbirlarining ahamiyati hamda samaradorligi haqida suhbatlashdik.

 

— Aholini boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ushbu xastaliklarni kamaytirish, infeksiya oʻchoqlarini jilovlash va bartaraf etishda asosiy vosita hisoblanadi, — deydi D. Tursunova.

 

— Shu sababli mamlakatimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Unga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklar — difteriya, koʻkyoʻtal, qoqshol, sil, virusli gepatit V, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuyensa tip B (XIB) infeksiyasi, bachadon boʻyni saratoniga qarshi rejali vaksinatsiya tadbirlari oʻtkaziladi.

 

Profilaktik emlashlar uchun 3 ming 138 ta emlash punkti ajratilgan. Chaqaloqlarni silga va gepatit V ga qarshi emlash esa tugʻruq komplekslarida amalga oshirib kelinmoqda.

 

Muhimi, soʻnggi yillarda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etyapti. Mamlakatimizda 2003-yildan buyon emlashdan soʻng nojoʻya holatlar roʻyxatga olingani yoʻq.

 

Muhimi, immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi natijasida 1996-yildan buyon respublikamizda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va Oʻzbekiston 2002-yilda «Poliomiyelitdan holi hudud», 2017-yilda esa “Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminatsiyasiga erishgan hudud” nomli xalqaro sertifikatlarni olishga muvaffaq boʻldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//