Surxondaryoda suv toshqini tufayli 230 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi

Saqlash
21:17 / 06.05.2022 792 0

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 5 may kuni tungi payt yog‘gan kuchli yomg‘ir O‘rta ariq kanalida suv miqdorining me’yoridan oshib ketishi va toshib ketishiga olib keldi, deb xabar qildi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

 

Natijada «Mustaqillikning 22 yilligi» MFYdagi «Toshtepa» qishlog‘ida 40 ga yaqin uy va tomorqa yerlari, «Dehkon» mahallasida 15 ta tomorqa yerlari suv ostida qolgan.

 

 

«Toshtepa» qishlog‘idagi 40 ta xonadondan 230 nafardan ortiq fuqaro tumanda joylashgan 19-sonli umumta’lim maktabiga vaqtinchalik ko‘chirib o‘tkazilgan.

 

Uzun tumani hokimligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik boshqa mahallalarga ham zarar yetkazgan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

 

 

Hozirda kuchli yog‘ingarchilikdan so‘ng yo‘llarda yig‘ilib qolgan qum-shag‘al va loyqalarni tozalash ishlari maxsus muhandislik texnikalari yordamida amalga oshirilmoqda.

 

 

So‘nggi paytlarda viloyatning boshqa hududlarida ham O‘zbekistonning boshqa hududlari singari sel va suv toshqinlari kuzatildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//