Jamiyat
Toshkentdagi Chorsu bozorida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari natijasida uchta gumbazdan biri buzib tashlanishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi. Madaniy meros agentligining ma’lum qilishicha, bozorda o‘tkazilayotgan rekonstruksiya ishlarining madaniy meros obyektlariga ta’siri va hududni davlat himoyasiga olish yuzasidan Ilmiy ekspert kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tgan.
Madaniy meros agentligi Ilmiy ekspert kengashi tomonidan bozor hududida tashkil etilgan sayyor majlisda mutaxassislar, arxeolog olimlar va OAV vakillari ishtirok etgan va jamoatchilikka tegishlicha ma’lumot berilgan.
Ma’lumot uchun, Chorsu dehqon bozori Toshkent shahri Olmazor tumani, Navoiy ko‘chasida – Toshkentning eski shahar qismida joylashgan. Bozor milodiy XI—XII asrlardan mavjud bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘lining muhim qismlaridan biri hisoblangan. Uning hududida bir nechta madaniy qatlam mavjud bo‘lib, ushbu qatlamlarning tarixiy ahamiyatini o‘rganish uchun arxeologik ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.
«Binolar 70 yillar o‘rtasidagi me’morchilikning namunasi. Bu yerda o‘sha zamonning konstruktiv me’morchiligi bilan an’anaviy me’morchilik shakllari uyg‘unlashgan. Shuning uchun ham meni nazarimda bu binolar ham me’moriy, ham badiiy, ham funksional jihatdan tarixiy ahamiyatga ega. Kengash a’zolari bilan ushbu majmuani madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatiga kiritishni afzal deb topayapmiz. Men arxeolog sifatida aytishim kerakki, [gumbazlarni] respublika miqyosidagi madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatiga kiritish kerak», — dedi Ilmiy ekspert kengashi a’zosi Zafar Hakimov.
Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati muassasasi bosh arxitektori, arxitektor Muhammad Foziliyning so‘zlariga ko‘ra, Chorsu dehqon bozoridagi yettita gumbaz madaniy meros obyekti sifatida baholanadi. Aynan shu sababga ko‘ra Madaniy meros agentligi tomonidan bozorni rekonstruksiya qilish bo‘yicha birinchi loyiha rad etilgan. Agentlik ushbu gumbazlarning tarixiy ahamiyati saqlanib qolishi lozimligini qat’iy prinsip asosida talab qiladi.
Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Ilmiy ekspert kengashi raisi Tursunali Qo‘ziyevning ta’kidlashicha, Chorsu dehqon bozori savdo hududi bo‘lib, bugungi kunga kelib unda zamonaviy talablar asosida infrastruktura va qulaylik yaratish zaruriyati yuzaga kelgan. Ayni vaqtda gumbazlar ostidagi savdo rastalaridagi holat sanitariya talablariga to‘liq javob bermaydi. Yoritish, tozalik, havo tozaligi, texnik va yong‘in xavfsizligi masalalarida muammolar mavjud.
“Chorsu dehqon bozoridagi yettita gumbaz Toshkent shahrining ramzlaridan biriga aylangan. Shu sababli, xorijlik va mahalliy sayyohlar bu yerni ko‘rishni va savdo qilishni istashadi. Bozorning talabgirligini oshirish va unda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun rekonstruksiya qilishga ehtiyoj yuzaga kelgan. Ammo bu ishlarning barchasi Madaniy meros agentligi nazorati va ruxsati asosida amalga oshiriladi”, — deydi u.
Qo‘ziyevga ko‘ra, rekonstruksiya davomida yettita gumbazning tarixiy qiymatiga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. “Gumbazlarga qo‘shimcha jihozlar o‘rnatish, uning ustini qoplash, naqshlarini o‘zgartirish, zamonaviy bezak kiritish — barcha ishlar faqatgina Madaniy meros agentligi ruxsati asosida amalga oshirilishi mumkin”, – deya qayd etgan Ilmiy ekspert kengashi raisi.
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q