Oʻzbekistonda jismoniy shaxslar ham bankrot deb topilishi mumkin

Saqlash
13:51 / 15.04.2022 1057 0

“Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

 

Qonunga koʻra, toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari quyidagilardan iborat:

 

vaqtincha toʻlovga qobiliyatsizlik – majburiyatni 3 oyda bajara olmaslik (shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa 6 oy ichida bajarolmaslik);

 

doimiy toʻlovga qobiliyatsizlik – sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketishi.

 

Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish sud tomonidan koʻrib chiqiladi.

 

Qarzdor pul majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning oʻzi va kreditor ega.

 

Toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati, davlat statistika organlari vakolatli davlat organiga ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʻlgan korxonalar haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishi shart.

 

Toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qoʻllanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi himoya qiladi.

 

Ushbu Qonun bilan jismoniy shaxslarni ham bankrot deb topish mumkinligi belgilandi. Ilgari qonunchilikda bunday tartib-taomillar nazarda tutilmagan.

 

Jismoniy shaxsga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida sudga ariza bergan arizachi tomonidan moliyaviy boshqaruvchiga haq toʻlash uchun sudning depozit hisobvaragʻiga mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida oldindan pul mablagʻlari oʻtkaziladi.

 

Toʻlovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartibi qoʻllanilganda, agar qarzdor bilan boshqacha kelishuv belgilangan boʻlmasa, sud boshqaruvchisiga haq toʻlash xarajatlarining oʻrni qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida ariza bergan arizachi tomonidan qoplanadi.

 

Bunda sud boshqaruvchisiga haq toʻlash uchun sudning depozit hisobvaragʻiga mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida oldindan toʻlov amalga oshiriladi. Sud boshqaruvchisiga haq har bir yakunlangan ishi uchun toʻlanadi.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakolatli davlat organidir.

 

Qarzdorni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish 12 oydan 24 oygacha muddatga joriy etiladi.

 

Davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish tartib-taomili uning samarasizligi aniqlanganligi munosabati bilan bekor qilinishi mumkin.

 

Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish sud majlisida qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran 2 oydan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqilishi kerak. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish alohida hollarda 1 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

 

Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud hujjatlari darhol ijro etilishi lozim.

 

Sudning jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrimi yoki jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib taomilini boshlash toʻgʻrisidagi qarori chiqarilguniga qadar undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Jismoniy shaxsning mulkiy holati yaxshilangan taqdirda, kreditorlar yigʻilishi jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilishga haqli.

 

Ushbu Qonun kuchga kirishi bilan 1994-yil 5-maydagi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonun oʻz kuchini yoʻqotadi.

 

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//