“Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi va ma’naviyat mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi

Saqlash
21:56 / 14.04.2022 1331 0

Avval xabar berganimizdek, bugun, 14-aprel kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” va ma’naviyat: jamoatchilik nigohida” mavzuida ilmiy-ma’rifiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

 

Markaz qoshidagi taniqli olimlar, ma’naviyat fidoyilari, jamoatchilik vakillaridan  iborat ekspertlar guruhi qatnashgan mazkur yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidan o‘rin olgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”, “Xalqparvar davlat”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat”, “O‘zbekiston va umumbashariy muammolar”  yo‘nalishidagi vazifalarni keng targ‘ib qilish, “Ma’naviy taraqqiyot” yo‘nalishida belgilab berilgan maqsad va vazifalar, ularni amalga oshirish jarayonlari, bu yo‘lda ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti adminstrasiyasi mas’ul xodimi, tarix fanlari doktori Abduxalil Mavrulov so‘zga chiqdi:

 

– Prezidentimiz “Inson qalbining chegarasi bor, bu chegarani asrash kerak”, deb bejiz aytmagan. Masalan, O‘zbekistonning chegaralari 6200 kmdan oshiq, bu chegaralarni qo‘riqlash uchun alohida xizmatlar tashkil etilgan. Men yurtimiz chegarasini alohida bir shaxsning qalbidagi chegaralar bilan taqqoslagim keladi. Inson qalbining chegaralarini qo‘riqlash 6200 kmli chegarani qo‘riqlashdan og‘irroq degan bo‘lardim. Sababi bu chegarani biz ko‘zimiz bilan ko‘rmaymiz, qo‘limiz bilan ushlamaymiz. Davlat chegaralarini harbiylar qo‘riqsala, inson qalbini biz – ma’naviyatchilar asraymiz. Bizning vazifamiz askarlarnikidan kam emas.

 

 

Shuningdek, ilmiy-ma’rifiy anjumanda professor Qiyomiddin Nazarov “Ma’naviy yangilanish: imkoniyat va istiqbollar” mavzusida ma’ruza qilib, “Yangi O‘zbekiston-ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini tayyorlash haqida gapirib o‘tdi. Ushbu dasturni tayyorlashda eng avvalo, huquqiy asos hamda iqtisodiy tafakkur mezonlarini ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi.

 

Ekspertlar tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidan kelib chiqadigan asosiy vazifalari, ma’naviy yangilanish jarayonidagi imkoniyat va istiqbollar, “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini tayyorlash borasidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

 

Yig‘ilishda mazkur konsepsiyani amalga oshirish milliy dasturini ishlab chiqish yuzasidan Respublika ishchi guruhini tuzish va uning vazifalarini belgilab olishga kelishildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//