Siyosat
Oʻzbekistondagi Afgʻoniston fuqarolarining taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi. 7-aprel kuni Toshkentda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yevropa Ittifoqining (YEI) Oʻzbekistondagi delegatsiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tashabbus bilan chiqdi, deya xabar qildi BMTTDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, mazkur kengaytirilgan dastur hamda qisqa muddatli oʻquv kurslari afgʻonistonliklarga gumanitar, pedagogika va muhandislik sohalarida bilim egallashga yordam beradi. Loyiha Termizdagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Markaz oʻquv jarayoniga Oʻzbekistondagi tegishli muassasalarning taʼlim va oʻquv resurslarini ham jalb qilishi mumkin.
Loyiha doirasida jami 345 nafar Afgʻoniston fuqarosi taʼlim grantlarini qoʻlga kiritib, oʻqishni tamomlaganidan soʻng tegishli diplom va sertifikatlarga ega boʻladi.
Xususan:
hozirda markazda tahsil olayotgan afgʻonistonlik 145 nafar talaba, jumladan, 24 nafar xotin-qiz taʼlim jarayonini davom ettiradi;
100 nafar Afgʻoniston fuqarosi bir yillik texnik hamda kasbiy taʼlim va tayyorgarlik (TKTT) dasturi doirasida oʻqitiladi;
100 nafar Afgʻoniston fuqarosi qisqa muddatli kasbiy kurslarda taʼlim oladi.
2022-yilda BMTTD tomonidan bajariladigan tashabbus uchun YEI 1 mln yevro mablagʻ ajratdi.
Ittifoq delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrianning taʼkidlashicha, YEI hozirgi ogʻir sharoitda Afgʻoniston xalqini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.
“Umid qilamizki, bizning uzoq yillik hamkorimiz boʻlgan BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan bu loyiha Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan Afgʻoniston fuqarolariga yangi bilim va koʻnikmalar olishlarida koʻmaklashishi barobarida, ularga oʻz vatanlariga qaytishdan oldin turmush sharoitlarini yaxshilash va oilalarini qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi”, — dedi u.
Shuningdek, loyihaga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi asosiy hamkor boʻladi.
“Oʻzbekistonda vaqtincha istiqomat qilayotgan Afgʻoniston fuqarolariga bunday imkoniyatlar yaratish juda muhim masaladir. Bu Afgʻonistonning yoshlariga oʻz hayot yoʻlini topishlari uchun koʻnikma va mutaxassisliklarni egallashga sharoit yaratadi”, — deydi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 1-oʻrinbosari Komiljon Karimov.
Tashabbus Markaz salohiyatini yanada mustahkamlaydi va uni Afgʻoniston uchun taʼlim markaziga aylantirishga imkoniyat yaratishi taʼkidlandi. Natijada Afgʻoniston fuqarolari Oʻzbekistondagi koʻplab universitetlar, institutlar va kollejlarning taʼlim xizmatlaridan foydalanishlari mumkin boʻladi. Shuningdek, Markaz YEI bilimlar markazini ochish va unda onlayn masofaviy oʻqitish vositasini ishga tushirish uchun platformaga ham aylanadi.
“Bugun biz ilgari surayotgan tashabbus Afgʻoniston fuqarolarini ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirish, ularning Oʻzbekistonda faol ijtimoiy-iqtisodiy hayotga integratsiyalashuvi uchun zarur bilim, koʻnikma va malakalar berish bilangina cheklanib qolmaydi. Bu Oʻzbekiston janubidagi hudud aholisining barqarorligi va turmush darajasini oshirishga qaratilgan ancha keng va tizimli saʼy-harakatlar boʻlib, ular mintaqadagi ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanishga hissa qoʻshadi. Biz Surxondaryo viloyatini har tomonlama, aholi manfaatlarini koʻzlovchi va inklyuziv hududiy rivojlanishga qaratilgan yondashuvimiz foydali boʻlishiga umid bildiramiz”, — deya taʼkiladi BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q