Ilm-fan
Ijtimoiy tarmoqlarda rus tili (milliy maktablarda) fani oʻqituvchilari attestatsiyasi malaka (test) sinovlari yuzasidan norozilik bildirilgan xabarlar tarqaldi. Taʼlim inspeksiyasi murojaatlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, taʼlim tili rus tili boʻlmagan umumtaʼlim muassasalar (sinflar)da faoliyat yuritayotgan kamida C1 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani oʻqituvchilariga 50 foiz miqdorida ustama toʻlanishi yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu oʻqituvchilarga attestatsiyasining malaka test sinovlariga jalb qilmasdan eng yuqori ball berish tartibi joriy qilingan. Bundan tashqari, rossiyalik malakali mutaxassislar tashrif buyurib, rus tili oʻqituvchilari malakasini oshirishga koʻmaklashgan.
Xususan, taʼlim tili rus tili boʻlmagan umumtaʼlim muassasalar (sinflar)da faoliyat yuritayotgan kamida C1 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega 3,6 ming nafar rus tili fani oʻqituvchilariga 2022-yilning birinchi yarmida oʻtkazilayotgan malaka (test) sinovlariga jalb qilinmasdan eng yuqori ball berilgan. Sertifikatini attestatsiya hujjat topshirish yakunlanganidan keyin olgan pedagoglarda esa 2022-yilning ikkinchi yarmida attestatsiyada ishtirok etmasdan toifa olish imkoniyati mavjud.
2022-yilda taʼlim tili rus tili boʻlmagan maktab oʻqituvchilari uchun oʻtkazilayotgan malaka (test) sinovlarida ushbu sertifikatni ola olmagan yoki hali olishga ulgurmagan 9 391 nafar oʻqituvchi jalb qilingan. Test sinovlari natijasiga koʻra respublika boʻyicha oʻrtacha ball 40 ballni (80 ballga nisbatan) tashkil etgan.
C1 darajadagi xalqaro va milliy sertifikati bor pedagoglar bilan qoʻshib hisoblanganda jami 4 786 nafar (36,84 foiz) pedagoglar toifasini oshirgan, 1 187 nafar (9,14 foiz ) pedagog toifasini saqlagan va 7 018 nafar (54,02 foiz) pedagog salbiy natija qayd etgan. C1 darajadagi xalqaro va milliy sertifikatisiz oʻqituvchilar kesimida tahlil qilinganda 2 373 nafar (25 foiz) pedagog ijobiy natija qayd etgan. Salbiy natija qayd etgan pedagoglarning 70 foizi navbatdan tashqari oʻz ixtiyori bilan attestatsiyada ishtirok etgan boʻlib, Vazirlar Mahkamasining 572-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 7-bandiga asosan ularga nisbatan salbiy qaror chiqarilmaydi hamda ular amaldagi toifasi boʻyicha maosh oladi.
Taʼkidlanishicha, har yili malaka sinovlari oldidan aprobatsiya sinovlari tashkil etiladi. Ushbu jarayonlar haqiqiy imtihon jarayonlariga yaqinlashtirilgan boʻlib, 40 ta test topshirigʻi bir soat vaqt beriladi. Natijasi esa oʻqituvchilarni yangi mazmundagi test formati bilan tanishtirish, vaqt meʼyorlarini sinovdan oʻtqazish hisoblanadi. Misol uchun, aprobatsiya jarayonida jami 40 test uchun oʻrtacha 55 daqiqa sarflashgan boʻlsa, bu haqiqiy imtihonda 56 daqiqani tashkil etadi.
“Koʻpchilik pedagoglarimiz eskicha testlarga oʻrganib qolishgani attestatsiya jarayonida sezilib qoldi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarga asoslangan, moslashtirishni, mantiqiy qiyoslashni talab etuvchi, yangi shakldagi testlarni ogʻriqli qabul qilishdi. Barcha test savollari amaldagi taʼlim dasturiga muvofiq va Davlat taʼlim standartlari talablariga mos ravishda tuzilgan. Ushbu fandan appelyatsiya jarayonida ishtirok etgan murojaatchilarga fan mutaxassisi tomonidan qayerda xato qilganini tushuntirib berildi”, — deyiladi munosabatda.
Barcha fanlardan shu jumladan, rus tili (milliy maktablarda) fani test tuzish uchun avvalgi yillarda oʻtkazilgan malaka (test) sinovlari doirasida yuqori natija qayd etgan malaka oʻqituvchilar jalb etilgan. Ushbu ekspertlarni saralab olish, 3 bosqichli jarayon boʻlib, birinchisi oʻz mutaxassisligini boʻyicha sinovdan oʻtkaziladi. Keyingi bosqichda, testologiya sohasida bilim va koʻnikmalari oʻrganiladi. Ikkala bosqichdan ijobiy oʻtgan ekspertlar suhbatdan oʻtadi. Taʼlim inspeksiyasida test tuzuvchi hamda unga taqriz yozuvchi ekspertlar alohida shakllantirilgan boʻlib, har bir test savollariga taqriz hamda tarqatmaslik borasida kafolat xati yoziladi.
Qayd etilishicha, hukumat qaroriga asosan 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab chet tili fani oʻqituvchilar, shu jumladan, rus tili fani oʻqituvchilari attestatsiyasi jarayonida oʻquv fani boʻyicha malaka sinovlari Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tinglab tushunish, oʻqish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini baholashni nazarda tutuvchi kasbiy sinov shaklida amalga oshiriladi. Sinovlarni yangicha tartibda oʻtkazish uchun ayni paytda ilgʻor xorijiy tajribalar oʻrganilmoqda.
Bunda C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega chet tili fani oʻqituvchilariga oʻquv fani boʻyicha malaka sinovidan maksimal ball berish tartibi saqlab qolinadi.
«Ayni kunlarda attestatsiyadan oʻta olmagan ayrim pedagoglar Telegram ijtimoiy tarmogʻida guruh tashkil qilgan holda hamkasblari oʻrtasida yuqori turuvchi tashkilotlarga koʻproq ariza berilsa, deputatlarga, jurnalist va blogerlar murojaat qilinsa, ijtimoiy tarmoqlarda koʻproq eʼtirozlar bildirilsa, natijalar bekor boʻlib ball qoʻshib berilishi yoki qayta imtihon oʻtkazilishi mumkin, deya xato targʻibotlar olib borishmoqda. Hattoki blogerlar orqali eʼtirozlarni eʼlon qilish uchun pul yigʻish takliflari ilgari surilmoqda.
Hurmatli pedagoglar, ushbu targʻibotlarga ishonib, qimmatli vaqtingizni bekorga sarflamay, Taʼlim inspeksiyasiga oʻrnatilgan tartibda murojaat qilishingizni soʻrab qolamiz. Hududlarda boʻlgan oʻqituvchilarga Zoom dasturi orqali muloqot tashkil qilish imkoniyati bor. Biz eʼtirozlar boʻyicha ustozlarni tinglashga, muloqot qilishga va testlarda yoʻl qoʻyilgan xatolarni koʻrsatib berishga tayyor ekanligimizni maʼlum qilamiz», — deya taʼkidlanadi munosabatda.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q