Madaniyat
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi To‘palang daryosi o‘ng qirg‘og‘idan bronzadan quyma uslubda yasalgan ot haykalchasi topildi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.
– Daryoning Alisher Navoiy nomli mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi qismidan ilgariroq Mirzo Ulug‘bek zarb ettirgan tangalar topilgani xabar qilingan edi, – deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mas’ul xodimi Bekzod O‘raqov. – Ot haykalchasi ham ana shu yerdan topib olingan bo‘lib, u kelgusida hudud tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan ot haykalchasi mutaxassislar tomonidan chuqur o‘rganilib, dastlabki xulosa berildi.
Mutaxassislarning aniqlashicha, 91,57 gramm o‘lchamga ega bronza ot haykalchasi To‘palang daryosi ichida Mirzo Ulug‘bek nomidan XV asrga oid tangalar bilan bir joydan topilgani uchun shu asr bilan davriylashtirildi. Kelgusida bu yerda olib boriladigan tadqiqot ishlari mazkur topilma sanasini yanada oydinlashtiradi.
– Svastikani ko‘rganimizda darhol Gitler Germaniyasi ramzlari, Ikkinchi jahon urushi dahshatlari ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Aslida bu tamg‘a qadim-qadimdan butun dunyo bo‘ylab tarqalgan bo‘lib, quyosh va harakat ma’nosini ifodalaydi. Hatto 20-25 ming yil ko‘hna dunyodan uzilib yashagan Amerika tub aholisi madaniyatida aynan shunday talqinda tushunilgan. Svastika turkiy xalqlar tarixida ham muhim o‘rin tutadi. Azaldan qoyatosh suratlari-yu arxeologik topilmalardan tortib bugunga dovur gilam-u kashtalarimizgacha bezab kelmoqda. Bu belgining aynan ot haykalchasiga tushirilgani bejiz emas. Bilamizki, bizda yilqi quyoshning ramzi sanaladi. Mifologik tasavvurga ko‘ra, quyosh ma’budini har tong ot osmonga olib chiqadi deb ishonilgan. Shu ma’noda mazkur osori atiqa yeldek o‘tayotgan vaqtning, fasllar almashinuvi va yil yangilanishining timsoli o‘laroq yasalgan bo‘lishi mumkin. Astronom hukmdor Mirzo Ulug‘bek davrida zabt etilgan tangalar xazinasi bilan birga saqlangani ham fikrimizni quvvatlayotgandek. Yana, Navro‘z arafasida topilgani bayramga o‘ziga xos tuhfa bo‘libdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tadqiqotchisi Farrux Jabborov.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q